
Niderlandiyada o‘tayotgan nufuzli “Eyndxoven kubogi” musobaqasining hal qiluvchi final bosqichi muxlislar uchun kutilmagan va bahsli voqealarga boy bo‘ldi. Xususan, -70 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va qozog‘istonlik tajribali bokschi Ablayxan Jussupov o‘rtasidagi to‘qnashuv barcha uchun shubhali tugadi.
Jangning ilk raundi nisbatan teng kurashlarda o‘tdi. Ammo ikkinchi raundga chiqish oldidan qozog‘istonlik bokschi jarohat olganini bildirib, ringga chiqishdan bosh tortdi. Muxlislar va mutaxassislar vaziyatni Asadxo‘janing texnik g‘alabasi deb baholashni kutgan bir paytda, hakamlar hay’ati tomondan tushunarsiz va shubhali qaror qabul qilindi — 2:3 hisobidagi g‘alaba qozog‘istonlik sportchiga topshirildi.
Bu qaror jangni kuzatgan ko‘plab mutaxassislar va sport jurnalistlari tomonidan jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi. Aslida jarohat sabab jangni davom ettira olmagan sportchi mag‘lub deb e’lon qilinishi kerak edi. Ammo hakamlar hay’atining noodatiy yondashuvi natijasida yurtimiz bokschisi finalda “rasman” yutqazgan sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik sportchilar musobaqada yuqori natijalar ko‘rsatib, mamlakatimiz bayrog‘ini yana bir bor xalqaro arenalarda baland ko‘tarishdi. Bu jangdagi natija qanchalik bahsli bo‘lmasin, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevning professional harakati va ringdagi ustunligi muxlislar ko‘z o‘ngida qoldi.
Ayni paytda, “Eyndxoven kubogi” finalidagi keyingi muhum bahs — To‘rabek Xabibullayev va vengriyalik Kiss Milan o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Barcha yurtdoshlarimiz ushbu jangda yana bir g‘alabani kutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu turnirda to‘liq g‘alabali statistika bilan finalga yetib kelgani e’tirofga loyiq.
Boks — nafaqat mushtlashuv, balki adolat va professional baholashga asoslangan sport turi. Ushbu voqea esa hakamlik tizimiga nisbatan yana bir bor savollar tug‘dirdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar