"Manchester Yunayted"ning afsonaviy futbolchisi va sport tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mashhur shaxs — Erik Kantona yana jamoatchilik diqqat markazida. Bu gal u maydondagi gollari yoki kino olamidagi faoliyati bilan emas, balki siyosiy va ijtimoiy pozitsiyasi bilan katta bahslarga sabab bo‘ldi.
Kantona yaqinda Londondagi mashhur Uembli Ovo Arena sahnasida tashkil etilgan “Falastin uchun birga” xayriya konsertida chiqish qildi. Ushbu tadbirda mashhur artistlardan Deymon Albarn, Bastille, Pink Pantheress va Gollivud yulduzi Benedikt Kamberbetch ham ishtirok etdi. Konsertning asosiy maqsadi — G‘azo va Falastindagi ahvolga xalqaro e’tiborni yanada kuchaytirish edi.
Kantona o‘z nutqida keskin bayonot bilan chiqdi:
“Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng atigi to‘rt kun ichida FIFA va UYEFA Rossiyani barcha xalqaro musobaqalardan chetlatdi. Har qanday turnirda qatnashishi taqiqlandi. Bu qaror tez va qat’iy qabul qilindi. Ammo Amnesty International genotsid deb atagan voqealarga 716 kun bo‘lganiga qaramay, Isroilga hali ham musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berilayotgani adolatsizlik emasmi?”
Futbol yulduzining bu so‘zlari sport jamoatchiligi va siyosiy doiralarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kantona FIFA va UYEFAni ikkiyuzlamachilikda ayblab, futbolda siyosiy adolat va inson huquqlariga e’tibor berish lozimligini ta’kidladi.
Uning nutqi katta zalda qattiq qo‘l chapaklari va qo‘llab-quvvatlash bilan qarshi olindi. Bu esa sportchi va san’atkorlar o‘rtasida Falastin masalasiga hamdardlik katta ekanini ko‘rsatdi.
Futbol tarixida “boshqacha qahramon” sifatida tanilgan Kantona ko‘pincha turli masalalarda keskin va ochiqcha pozitsiya bildirishi bilan mashhur. Uning bu safargi chiqishi esa sport va siyosatning yana qay darajada chambarchas bog‘liqligini namoyon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari ortidan FIFA va UYEFA tomonidan barcha klub va terma jamoalarni xalqaro musobaqalardan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Kantona esa aynan shu vaziyatni misol qilib, xalqaro tashkilotlarni adolatli bo‘lishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!