date

Timur Kapadze Xitoy terma jamoasiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda

Timur Kapadze Xitoy terma jamoasiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda

Xitoy futbol assotsiatsiyasi (XFA) milliy jamoa uchun yangi bosh murabbiy tanlash jarayonining muhim bosqichiga yetib keldi. Arizalar qabul qilinishi yakunlandi va yetti nafar nomzoddan so‘nggi uchta murabbiy saralandi. Ular orasida Italiya futboli afsonasi Fabio Kannavaro, mahalliy mutaxassis Chjen Chji hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Timur Kapadze borligi ma’lum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, XFA hozirda aynan shu uchlikni jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Eng qizig‘i, mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, asosiy e’tibor va ustuvor nomzod sifatida Timur Kapadze qayd etilmoqda. Tashkilot unga nisbatan allaqachon rasmiy ravishda qiziqish bildirgan va dastlabki muloqotlar ham o‘tkazilgani xabar qilinmoqda.

Kapadzeni saralash bosqichida alohida ajratib turgan jihatlar bir nechta omillar bilan bog‘liq:

– yillik maoshining 3 million yevroga yetmasligi;

– yosh bo‘lishi va istiqbolli mutaxassis sifatida ko‘rilishi;

– Osiyo hamda Yevropa futboli haqida yetarli bilim va tajribaga egaligi;

– xalqaro musobaqalarda to‘plangan murabbiylik salohiyati.

Ajablanarlisi, Kapadze mazkur lavozim uchun o‘z arizasini topshirmagan. Aksincha, Xitoy futbol assotsiatsiyasi bevosita unga murojaat qilib, nomzodlar ro‘yxatiga kiritgan. Bu esa XFAning uning nomzodiga bo‘lgan jiddiy qiziqishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yangi murabbiy tanlovi Xitoy terma jamoasining keyingi to‘rt yillik strategiyasiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu faqat jahon chempionati saralash bosqichiga tayyorgarlik emas, balki 2030-yildagi yirik mundialga yo‘l olish uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ayni damda Timur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasida faoliyat olib boryapti. Ammo uning shartnomasi yaqin vaqtda yakunlanishi kutilmoqda. Shu sababli, u Xitoydan kelgan taklifni jiddiy o‘rganayotgani aytilayapti. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli kechsa, Kapadze kelasi oydan boshlab rasman Xitoy milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshlashi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze Xitoy terma jamoasiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda