So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze Xitoy terma jamoasiga o‘tishi mumkinligi haqida turli mish-mishlar tarqaldi. Ba’zi manbalar esa hatto Kapadze Xitoy futbol assotsiatsiyasi bilan allaqachon muzokaralar olib borayotganini da’vo qilishdi.
Ammo murabbiyning o‘zi bu kabi xabarlarni rad etdi. Ayni paytda Angliyada bo‘lib turgan Kapadze championat.asia nashri bilan suhbatda vaziyatga oydinlik kiritdi.
"So‘nggi vaqtlarda men haqimda juda ko‘p noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqaldi. Ba’zan internet saytlarida o‘qib, o‘zim ham hayron qolaman. Bir narsani aniq aytishim mumkin: men Xitoy bilan hech qanday muzokara o‘tkazganim yo‘q. Na menga, na O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga Xitoy tomonidan rasmiy taklif kelgan. Shu sababli tarqalayotgan xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi," - dedi Kapadze.
Uning ta’kidlashicha, u hozir ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi va noyabr oyi oxirigacha amal qiladigan shartnomasi bor. Shuningdek, u Angliyada bo‘lish sababini ham ochib berdi:
"Bu yerga kelishimdan asosiy maqsad - terma jamoa a’zosi Abduqodir Husanovning o‘yinlarini ko‘rish. Shuningdek, "Manchester Siti" klubi akademiyasi bilan yaqindan tanishish va ularning tajribasini o‘rganish niyatidaman," - dedi murabbiy.
Shu bilan birga, Kapadze o‘z ishini to‘liq O‘zbekiston terma jamoasiga bag‘ishlayotganini va Xitoy haqidagi mish-mishlarga umuman asos yo‘qligini alohida ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!