
O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘zining Instagram sahifasi orqali samimiy xayrlashuv murojaati bilan chiqdi. U milliy jamoadagi faoliyati rasman yakunlanganini ma’lum qilib, bu yillar davomida orttirgan hissiyotlar, g‘alabalar va tajribalarni yodga oldi.
«Milliy jamoadagi faoliyatim o‘z nihoyasiga yetdi. Bu yillar tuyg‘ular, unutilmas lahzalar va muhim g‘alabalar bilan to‘la bo‘ldi. Futbolchilar, jamoa shtabi va federatsiya rahbariyatiga ishonch hamda yaqin hamkorlik uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman», — deb yozdi mutaxassis.
Kapadze, ayniqsa, o‘z so‘zlarida muxlislarni alohida ta’kidlab o‘tdi:
«Jamoani har bir daqiqada ruhlantirib turgan, mehri va ishonchi bilan quvvat bergan muxlislarimga katta rahmat! Sizlarsiz bu yo‘l shunchalik yorqin bo‘lmasdi».
Uning ta’kidlashicha, milliy jamoa tarkibida mehnat qilish nafaqat mas’uliyat, balki faxr masalasi ham bo‘lgan. «Bu jamoaning bir bo‘lagi bo‘lganimdan g‘ururlanaman. Terma jamoaga kelgusidagi barcha musobaqalarda omad va yangi yutuqlar tilayman», — deya so‘zini yakunladi Kapadze.
Eslatib o‘tamiz, Timur Kapadze 2022-yilda milliy jamoa murabbiyi sifatida faoliyat boshlab, bir necha muhim xalqaro uchrashuvlarda jamoani boshqargan edi. Uning davrida terma jamoa ko‘plab yosh futbolchilarni asosiy tarkibga jalb etdi va yangi avlod shakllanishining asosini qo‘ydi.
Milliy jamoa endi yangi bosh murabbiy Fabio Kannavaro qo‘l ostida o‘z tarixining navbatdagi bosqichini boshlamoqda. Kapadze esa o‘z navbatida, O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi bilan xotiralarda qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!