
Goal futbol internet portali 2026 yilda topshiriladigan «Oltin to‘p» mukofoti uchun asosiy da’vogarlar ro‘yxatini e’lon qildi. Reytingga ko‘ra, hozircha ushbu nufuzli sovrin uchun eng katta imkoniyatga ega futbolchi sifatida «Bavariya» jamoasi hujumchisi Xarri Keyn ko‘rsatilgan.
Angliyalik to‘purar joriy mavsumda ham yuqori barqarorlik namoyon etyapti, gollar va hal qiluvchi harakatlar bilan «Bavariya»ni oldinga boshlamoqda. Shu bois Goal tahririyati uni «Oltin to‘p–2026» poygasida asosiy favorit sifatida baholadi.
Ikkinchi o‘rindan «Manchester Siti»ning tinimsiz gol mashinasi Erling Xoland joy oldi. Norvegiyalik forvard har mavsum o‘z samaradorligi bilan ajralib turib, jamoasining asosiy tayanchiga aylangan. Uning gol hisobi va jismoniy ustunligi uni reytingda yuqori pog‘onada ushlab turibdi.
Kuchli uchlikni esa «Real» hujumchisi Kilian Mbappe yakunlab bergan. Fransiyalik yulduz Madriddagi ilk mavsumlaridayoq yetakchi futbolchiga aylanib, hal qiluvchi o‘yinlarda o‘z so‘zini ayta olmoqda. Ekspertlar fikricha, Mbappe uchun «Oltin to‘p» hali ham eng katta maqsadlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, reytingdan yosh iste’dodlar va tajribali yulduzlar ham o‘rin olgan. «Barselona» vunderkindi Lamin Yamal to‘rtinchi pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, «Arsenal» yarim himoyachisi Deklan Rays beshinchi o‘rinni egalladi. PSJ futbolchisi Vitinya, «Bavariya» vakili Maykl Olise hamda Luis Dias ham yuqori o‘nlikdan o‘rin olgan.
Ro‘yxatdagi eng katta syurprizlardan biri — Lionel Messining to‘qqizinchi o‘rinda qayd etilgani bo‘ldi. «Inter Mayami» safida o‘ynayotgan afsona hali ham individual mahorat va ta’sir borasida e’tibordan chetda qolmayotganini isbotlamoqda. O‘nlikni esa PSJ himoyachisi Ashraf Hakimi yakunlab bergan.
Goal talqiniga ko‘ra, "Oltin to‘p-2026" uchun eng yaxshi 10 da’vogar:
1. Xarri Keyn ("Bavariya").
2. Erling Xoland ("Manchester Siti").
3. Kilian Mbappe ("Real").
4. Lamin Yamal ("Barselona").
5. Deklan Rays ("Arsenal").
6. Vitinya (PSJ).
7. Maykl Olise ("Bavariya").
8. Luis Dias ("Bavariya").
9. Lionel Messi ("Inter Mayami").
10. Ashraf Hakimi (PSJ).
Albatta, oldinda yana butun bir mavsum turibdi. Shunday ekan, «Oltin to‘p–2026» uchun kurashda vaziyat hali necha bor o‘zgarishi, yangi qahramonlar paydo bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha Goal reytingiga ko‘ra, peshqadamlik Xarri Keyn qo‘lida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.