Abduqodir Husanov Osiyoning eng "zo‘rlar"i orasiga kirdi yana...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Manchester Siti»ning mahoratli himoyachisi Abduqodir Husanov muxlislari uchun yana bir quvonarli yangilik bor. Xalqaro futbol tarixi va statistika federatsiyasi IFFHS ekspertlari 2025-yil yakunlari bo‘yicha Osiyo qit’asining eng kuchli futbolchilaridan iborat yilning ramziy terma jamoasini shakllantirdi va unga 21 yoshli Husanov ham kiritildi.
E’tiborli jihati, bu ro‘yxatga jami to‘rt mamlakatdan o‘yinchilar tanlangan. Eng ko‘p vakil Yaponiyadan — besh nafar futbolchi. Janubiy Koreyadan uch nafar, Saudiya Arabistonidan ikki nafar o‘yinchi joy olgan. Abduqodir Husanov esa ramziy jamoadagi yagona o‘zbek futbolchisi sifatida alohida ajralib turibdi.
IFFHS tuzgan Osiyoning 2025 yilgi ramziy jamoasi quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabon:
- Dzion Suzuki (Yaponiya)
Himoyachilar:
- Abduqodir Husanov (O‘zbekiston)
- Reo Xatate (Yaponiya)
- Min Dae Kim (Janubiy Koreya)
Yarim himoyachilar:
- Kang In Li (Janubiy Koreya)
- Muhammad Kanno (Saudiya Arabistoni)
- Kaishu Sano (Yaponiya)
- Ritsu Doan (Yaponiya)
Hujumchilar:
- Salim Ad-Davsariy (Saudiya Arabistoni)
- Xyon Min Son (Janubiy Koreya)
- Takefusa Kubo (Yaponiya)
Husanov uchun 2025-yil haqiqatdan ham faoliyatidagi eng yorqin bosqichlardan biri bo‘ldi. 20 yanvar kuni u Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti»ga ko‘chib o‘tdi va ingliz grandi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
Bu transfer Husanovning maqomini yanada oshirdi: u top-5 ligalar muhitida o‘zini ko‘rsata olgan, Angliya chempionatida ishtirok etgan o‘zbek futbolchisi sifatida tarixiy qadam tashladi. Shuningdek, matbuotda u milliy terma jamoa safida 2026-yil yozida bo‘ladigan jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgani ham qayd etilmoqda.
Qisqasi, bu tanlov — shunchaki ro‘yxat emas. Bu Husanovning bir yillik mehnati, sabri va xarakterini tan olish. Endi esa eng qizig‘i oldinda: bunday e’tiroflar odatda katta sahnada yanada katta talab va yanada baland standart degani. Muxlislarga esa bitta gap: qahramonimiz yo‘lda va u yo‘ldan qaytmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!