"Strandja". Ikkinchi dasturda bokschilarimiz qanday natija qayd etishdi?

Bolgariyaning Sofiya shahrida an’anaviy 77-chi “Strandja” xalqaro turniri qizg‘in pallaga kirgan. Kechagi kunning 2-dastur janglari ham yakunlandi va O‘zbekiston terma jamoasi uchun bu qism ancha muvaffaqiyatli kechdi: ringga chiqqan besh nafar bokschimiz ham g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Eng katta e’tibor, albatta, -85 kg vazn toifasidagi jahon chempioni Akmaljon Isroilovga qaratildi. U musobaqadagi yurishini irlandiyalik Natan Ojoga qarshi boshladi. Raqib ham qarab turmadi, munosib qarshilik ko‘rsatishga urindi. Ammo Isroilov klass va bosim borasida ustun chiqdi — u jangni to‘liq nazorat qildi va 5:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
-65 kg vazndagi vakilimiz Abdulloh Madaminov uchun esa ilk to‘qnashuvning o‘zi jiddiy sinov bo‘ldi. Unga asosiy raqobatchilardan biri sifatida baholanayotgan qozog‘istonlik Abdigalim Abdikarim to‘g‘ri keldi. Qiziqarli va keskin kechgan bahsda Madaminov tashabbusni qo‘lga oldi, aniqlik va faollik borasida raqibidan ustun bo‘ldi va 5:0 hisobida g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirdi.
Yana bir -85 kg vazn toifasidagi bokschimiz Norbek Abdullayev ham ruminiyalik Matei Nastasiusga qarshi ringga ko‘tarildi. Jang shiddatli va tomoshabop kechdi, ammo Abdullayev sovuqqon harakatlari, to‘g‘ri tayming va ishonchli zarbalari bilan bahsni o‘z foydasiga hal qildi. Yakuniy hisob — 5:0.
-90 kg vazndagi to‘qnashuvda To‘rabek Xabibullayev angliyalik Teagn Stottga qarshi kuch sinashdi. Bu yerda hamyurtimiz raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — ikkinchi raunddayoq uni texnik nokautga uchratdi. Bu nafaqat g‘alaba, balki turnirdagi eng ta’sirli natijalardan biri bo‘ldi.
Kunning eng so‘nggi jangida esa yana bir -90 kg vazndagi vakilimiz Samir Sobirov ringga chiqdi. U musobaqadagi ikkinchi jangini o‘tkazdi va bu safar germaniyalik Vitaliy Valterga qarshi bahs olib bordi. To‘qnashuv oson kechmadi, jang ancha og‘ir va irodani sinovdan o‘tkazadigan tus oldi. Ammo Samir bosimga chidadi, xarakter ko‘rsatdi va 5:0 hisobida irodali g‘alabani rasmiylashtirib, o‘z yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.
Shu tariqa, kunning 2-dasturida beshta jang — beshta g‘alaba. Bu natija nafaqat statistika, balki jamoaning ruhiy holati uchun ham juda muhim. Demak, Sofiyadagi yurishimiz yanada qiziydi, muxlislar esa navbatdagi bosqichlarda ham shunday ishonchli chiqishlarni kutishga to‘liq haqli.
Ma’lumot O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan taqdim etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!