Osiyo Kubogi vaqtida Eron terma jamoasi a'zolari qochib ketdi

Avstraliyada bo'lib o'tayotgan ayollar o'rtasidagi Osiyo Kubogi musobaqasi kutilmagan va shov-shuvli voqea bilan yodda qoladigan bo'ldi. Musobaqada ishtirok etgan Eron ayollar terma jamoasining 5 nafar a'zosi jamoa joylashgan mehmonxonani tark etib, g'oyib bo'ldi. Ma'lum bo'lishicha, ushbu sportchilar jamoaning dushanba kungi kechki ovqatiga kelishmagan va ularning qayerdaligi noma'lum bo'lib qolgan edi. Keyinchalik aniqlanishicha, futbolchi qizlar mahalliy politsiya yordamida xavfsiz joyga ko'chirilgan va hozirda ular Avstraliya federal politsiyasi nazorati ostidagi maxsus boshpanada saqlanmoqda.
Ushbu voqea ortidan jiddiy siyosiy va sportga oid bahslar kelib chiqdi. Eron terma jamoasi guruh bosqichining so'nggi o'yinida Filippin terma jamoasiga 0:2 hisobida mag'lub bo'lib, musobaqani tark etgan edi. Biroq, jamoaning o'rtaga qaytishi bilan bog'liq jarayonlar murakkablashdi. Avvalroq Eron davlat televideniyesi boshlovchisi Muhammad Rizo Shahboziy milliy madhiyani kuylashdan bosh tortgan futbolchi qizlarni keskin tanqid qilib, ularga nisbatan qattiqqo'l bo'lish kerakligini aytgan edi. Ushbu tahdidli bayonotdan so'ng, professional futbolchilar kasaba uyushmasi hisoblangan "FIFPro" tashkiloti FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasiga murojaat qilib, qizlarning xavfsizligini ta'minlashni talab qilgan edi.
Ayni damda xalqaro tashkilotlar hamda Avstraliya hukumati vaziyatni nazoratga olgan. "The Athletic" nashrining xabar berishicha, tomonlar Eron ayollar terma jamoasining mamlakatda qolish muddatini uzaytirish masalasini muhokama qilmoqda. Hozircha butun jamoa uchun qaytish reysi band qilinmagan. FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi sportchilarning xavfsizligini kafolatlash uchun barcha choralarni ko'rmoqda. Eronlik futbolchilarning bu qadami ularning vatanidagi siyosiy bosim va xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlar natijasi ekani taxmin qilinmoqda. Voqealar rivoji xalqaro hamjamiyat diqqat markazida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!