date

Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida yetakchilikni mustahkamlab bormoqda

Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida yetakchilikni mustahkamlab bormoqda

O‘zbekiston shaxmati yulduzi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 10-turidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z o‘ylari va turnirdagi holati haqida batafsil to‘xtaldi. U ushbu turda oq donalarda harakat qilib, hindistonlik yosh grossmeyster Rameshbabu Pragnanandhani mag‘lub etdi va umumiy ochkolarini 8 tadan oshirib, jadvaldagi peshqadamligini yana-da mustahkamladi.

Hozirda Sindorovning eng yaqin taʼqibchisi niderlandiyalik Anish Giri hisoblanadi va ular o‘rtasidagi farq 2 ochkoni tashkil etmoqda. Qolgan turlar soni esa juda kam, shu bois bu ustunlikni yo‘qqa chiqarish amalda juda qiyin vazifa sifatida baholanmoqda.

Shu bilan birga, o‘zbekistonlik grossmeyster bu turnirda allaqachon yangi tarixiy natija qayd etdi — u Nomzodlar turnirida eng ko‘p g‘alaba qozongan ishtirokchiga aylandi. Hozirgacha hech bir shaxmatchi 6 ta g‘alabaga erishmagan edi, Sindorov esa bu ko‘rsatkichni ortda qoldirib, turnir rekordini yangiladi.

Matbuot anjumanida u hindistonlik raqibga qarshi partiyaning boshlanishida xatoga yo‘l qo‘yganini ochiq tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir lahzada tayyorgarlikdan chiqib ketib, to‘g‘ri yurish o‘rniga noto‘g‘ri qaror qabul qilgan.

«Rostini aytsam, bir vaqt tayyorgarligimni unutib qo‘ydim va kerakli yurish o‘rniga boshqa harakatni tez qilib yubordim. Bu mening xatoyim edi. Lekin keyin o‘zimni tezda yig‘ib oldim va vaziyatni nazoratga qaytardim. Biroz vaqt kerak bo‘ldi, ammo o‘yinni yana qo‘limga oldim. Oxirida omad ham yordam berdi», — dedi u.

Sindorov shuningdek, partiya davomida tashabbusni qo‘lga kiritish maqsadida katta tavakkalchilikka borib, donalardan birini qurbon qilganini taʼkidladi. Uning fikricha, aynan shu qaror endshpilda ustunlikka erishishga yordam bergan va raqibning ikki rukniga qarshi yaxshiroq pozitsiya hosil qilish imkonini bergan.

Yosh shaxmatchi turnirdagi g‘alabaga yaqin ekanini his qilayotganini ham yashirmadi, ammo hali oldinda muhim sinovlar borligini eslatdi.

«Maqsadga juda yaqinman, lekin yana ikki muhim partiya qolgan. Ikkalasi ham qora donalarda o‘tishi kerak. Shuning uchun natija haqida ko‘p o‘ylamasdan, faqat o‘yinga eʼtibor qaratyapman», — dedi u.

U oldingi turda nemis grossmeysteri Mattias Blyubaumga qarshi imkoniyatli pozitsiyani boy berib qo‘yganini ham esladi. Shu sababli u bosim ostida qolgan, ammo murabbiyi bilan suhbat orqali ruhiy barqarorlikni tiklashga erishgan.

«Turnirdagi bosim albatta seziladi. Kecha yutish mumkin bo‘lgan partiyani boy berdim. Shunda murabbiyim: “Agar sen bu unvonga loyiq bo‘lsang, baribir unga erishasan. Agar bo‘lmasa, yana ko‘proq mehnat qilamiz. Natija haqida emas, o‘yin haqida o‘yla” dedi. Men ham shu fikrga amal qilishga harakat qilyapman», — dedi Sindorov.

U turnir boshlanishidagi rejalarini ham esga oldi. U avval +1 natija ham qoniqarli bo‘lishini aytgan, ammo hozir vaziyat keskin o‘zgarganini taʼkidladi.

«Turnir oldidan +1 natija ham yomon emas deb o‘ylaganman. Shunda ancha xotirjam o‘ynay olardim. Hozir esa har bir partiya juda og‘ir o‘tyapti, bosim juda katta. Kecha hatto o‘yindan oldin durangga ham rozi edim, lekin imkoniyatni boy berganimdan afsusdaman», — dedi u.

Rekord haqidagi savollarga javob berar ekan, Sindorov hozircha statistika va natijalar haqida o‘ylamasligini aytdi.

«Bu haqida umuman o‘ylamayman. Turnir tugamagan. Eng muhimi — keyingi partiyaga tayyorgarlik. Hozir tiklanish va qora donalardagi o‘yinlarga yaxshi tayyorlanish kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, 10 aprel kuni turnirda dam olish kuni bo‘ldi. 11 aprel kuni esa Sindorov qora donalar bilan kuchli favoritlardan biri bo‘lgan Fabiano Karuanaga qarshi bahs olib boradi. Karuana turnir oldidan asosiy g‘oliblardan biri sifatida ko‘rilgan bo‘lsa-da, hozir 5 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida yetakchilikni mustahkamlab bormoqda