Shaxmat tarixidagi mutlaq rekord: Sindorov va Gukesh 140 yillik an’anani yangilaydi

Shaxmat tarixidagi mutlaq rekord: Sindorov va Gukesh 140 yillik an’anani yangilaydi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Javohir Sindorov va Gukesh Dommaraju o'rtasidagi jahon chempionligi bahsi shaxmat tarixidagi eng yosh final dueli sifatida qayd etildi.
  • Mazkur qarama-qarshilik 1984 yilda Garri Kasparov va Anatoliy Karpov o'rnatgan rekordni yangilab, 1886 yildan buyon o'tkazib kelinayotgan chempionlik matchlari orasida birinchi o'rinni egalladi.

Jahon shaxmat toji uchun kechadigan navbatdagi bahs insoniyat shaxmat tarixiga eng yosh chempionlik dueli sifatida rasman muhrlanadigan bo‘ldi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDЕ) matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur tarixiy qarama-qarshilikda O‘zbekiston faxri, xalqaro grossmeyster Javohir Sindorov amaldagi jahon chempioni, hindistonlik yosh daho Gukesh Dommarajuga qarshi dona suradi.

FIDЕ rasmiy ravishda 1886 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan jahon chempionligi matchlari orasida eng yosh beshta final reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Sindorov hamda Gukesh o‘rtasidagi bahs barcha davrlar ko‘rsatkichlarini yangilab, birinchi pog‘onadan joy oldi.

Kasparov va Karpov rekordi ortda qoldi

Aniq hisob-kitoblarga ko‘ra, ilk partiyaga start beriladigan kunda ikki dahoning yoshi quyidagicha bo‘ladi:

  • Gukesh Dommaraju: 20 yosh 179 kunlik;

  • Javohir Sindorov: 20 yosh 351 kunlik.

Ikki finalchining umumiy yoshi hisoblanganda, ushbu bahs shaxmat olamidagi barcha avvalgi yoshlar ko‘rsatkichlarini, shu jumladan, 1984 yilda Garri Kasparov va Anatoliy Karpov o‘rtasida kechgan afsonaviy to‘qnashuv rekordini ham butunlay ortda qoldiradi.

Shaxmat tarixidagi eng yosh 5 ta chempionlik to‘qnashuvi (FIDЕ reytingi)

  1. Gukesh — Javohir Sindorov (2026): 20 yosh 179 kun + 20 yosh 351 kun;

  2. Din Lijen — Gukesh (2024): 32 yosh 32 kun + 18 yosh 180 kun;

  3. Karlsen — Karyakin (2016): 25 yosh 347 kun + 26 yosh 304 kun;

  4. Karlsen — Karuana (2018): 27 yosh 344 kun + 26 yosh 102 kun;

  5. Kasparov — Karpov (1984): 21 yosh 150 kun + 33 yosh 110 kun.

Jenevadagi superjang: Mukofot jamg‘armasi va muddatlar

Jahon shaxmat tojining yangi egasini aniqlab beruvchi buyuk uchrashuv tafsilotlari ma’lum bo‘ldi:

  • O‘tkazilish vaqti va joyi: Mazkur bellashuv joriy yilning 24 noyabridan 12 dekabriga qadar Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi;

  • Mukofot jamg‘armasi: Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 2,5 million AQSH dollari etib belgilangan;

  • Sindorovning tarixiy parvozi: Eslatib o‘tamiz, Javohir Sindorov 2026 yilgi Da’vogarlar turnirida barcha nomdor raqiblarini ortda qoldirib, shaxmat taxti uchun kurashish yo‘llanmasini tarixiy tarzda qo‘lga kiritgan edi.

Butun jahon shaxmat hamjamiyatining nigohi noyabr oyi oxirida Shveysariyaga qaratiladi — u yerda yangi avlodning ikki eng kuchli grossmeysteri jahon toji uchun jangga kirishadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar