Kazemiro «Manchester Yunayted» bilan xayrlashish qarorini e’lon qildi

Angliyaning Manchester United klubida katta o‘zgarishlar davri boshlanmoqda. Jamoaning tajribali yarim himoyachisi Kazemiro mavsum yakunida manchesterliklar safini tark etishini rasman ma’lum qildi.
Braziliyalik futbolchi ESPN nashriga bergan intervyusida klub bilan shartnomasini uzaytirish niyati yo‘qligini ochiq aytdi va faoliyatining ushbu bosqichini munosib tarzda yakunlamoqchi ekanini ta’kidladi.
— «Yana bir yil qolishmi? Hech qachon. Men ketishga qaror qildim va buni munosib tarzda amalga oshirishni xohlayman. “Manchester Yunayted”da to‘rt ajoyib yil o‘tkazdim va hammasi uchun minnatdorman. Endi esa bu hikoya o‘z yakuniga yetdi, bu bob yopildi», — dedi Kazemiro.
34 yoshli tajribali futbolchi Manchester United safiga 2022 yilda kelib qo‘shilgan edi. U qisqa vaqt ichida jamoaning yetakchilaridan biriga aylanib, maydon markazidagi barqaror o‘yini, jangovor xarakteri va boy tajribasi bilan muxlislar mehrini qozondi.
Ayniqsa, katta bosimli uchrashuvlarda uning sovuqqonligi va himoya bilan hujum o‘rtasidagi muvozanatni saqlab turishi jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etgan.
Qizig‘i shundaki, yoshiga qaramasdan Kazemiro hali ham yuqori darajada o‘yin ko‘rsatmoqda. Joriy mavsumda u Angliya Premer-ligasi doirasida 33 ta bahsda maydonga tushib, 9 ta gol va 2 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.
Bu ko‘rsatkichlar uning nafaqat tajribali, balki hali ham hal qiluvchi futbolchilardan biri ekanini ko‘rsatib turibdi.
Hozircha Kazemironing faoliyatini qayerda davom ettirishi aniq emas. Biroq futbol olamida uning Saudiya Arabistoni klublari yoki Braziliyaga qaytishi mumkinligi haqida turli taxminlar paydo bo‘lmoqda.
Manchester United muxlislari esa tajribali yarim himoyachining klub tarixida munosib iz qoldirganini ta’kidlamoqda. Kazemiro qisqa vaqt ichida jamoaning muhim figuralaridan biriga aylanib, o‘zining liderlik fazilatlari bilan ko‘pchilik hurmatiga sazovor bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!