O‘zbekiston U17 terma jamoasi Yaponiyaga qarshi final uchun kurashadi

O‘zbekiston U17 terma jamoasi Osiyo kubogidagi eng muhim o‘yinlardan biriga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Sergey Chigodayev shogirdlari yarimfinalda Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv oldidan bosh murabbiy Sergey Chigodayev va himoyachi Muhammad Hakimov matbuot anjumanida ishtirok etib, bo‘lajak bahs haqida fikr bildirdi.
Sergey Chigodayevning ta’kidlashicha, murabbiylar shtabi Yaponiya terma jamoasini chuqur o‘rganmoqda. Raqibning kuchli va zaif jihatlari tahlil qilinmoqda. Murabbiy yaponlarni tartibli, texnik jihatdan kuchli va tezkor futbolchilarga ega jamoa sifatida baholadi.
“Yaponiyani o‘rganib chiqmoqdamiz. Kuchli va kuchsiz tomonlarini tahlil qilyapmiz, aytish mumkinki, raqibimiz tartibli jamoa. Ular bilan birinchi marta o‘ynamayapmiz, avval ham 3 marta o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazganmiz. Tezkor va texnik jihatdan yaxshi futbolchilari bor. Biroq ertaga o‘yin ko‘rsatadi, ikkala jamoa uchun ham qiziqarli o‘yin bo‘lib o‘tadi”, — dedi Chigodayev.
O‘zbekiston U17 jamoasi amaldagi chempion maqomiga ega. O‘tgan yili aynan shu yosh toifasida vakillarimiz Osiyo kubogida g‘olib chiqqan edi. Chigodayevning aytishicha, jamoa ushbu natijani takrorlashni istaydi, ammo bu yo‘l oson bo‘lmasligini ham yaxshi tushunadi.
“O‘tgan yili bu yosh toifasida jamoamiz musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Albatta, biz ham bu natijani takrorlashga harakat qilamiz. Bu oson emas, biroq buning uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Yarimfinalda oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi, har bitta o‘yin qiyin bo‘lishi tabiiy. Biz kurashamiz”, — deya qo‘shimcha qildi bosh murabbiy.
Jamoa himoyachisi Muhammad Hakimov ham Yaponiyaga qarshi bahs oldidan futbolchilar tayyorgarlikni yuqori kayfiyatda olib borayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha o‘yinchilar yarimfinalning ahamiyatini yaxshi his qilib turibdi va maydonga faqat g‘alaba uchun chiqadi.
“Jamoadoshlarim bilan ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Nasib bo‘lsa, yaxshi o‘yin ko‘rsatamiz. O‘ziga yarasha qiyin va qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Ertangi o‘yinda ham g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Bu yarimfinal o‘yini, hamma bolalar tushunib turibdi, shunga yarasha kayfiyat bilan tushamiz va g‘alaba qozonishga harakat qilamiz”, — dedi Hakimov.
O‘zbekiston U17 jamoasi ushbu musobaqada allaqachon Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Ammo jamoa maqsadi shu bilan cheklanib qolgani yo‘q. Endi asosiy vazifa — finalga chiqish va Osiyoda yana bir bor eng kuchli jamoa ekanini isbotlash.
Yaponiyaga qarshi o‘yin 19 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi. Bu bahs har ikki jamoa uchun ham katta sinov bo‘ladi. Yaponiya tartibli va tezkor futbol namoyish etsa, O‘zbekistonda xarakter, ishonch va g‘alabaga bo‘lgan kuchli intilish bor.
Qisqasi, yarimfinalda katta o‘yin kutib turibdi. O‘zbekiston U17 jamoasi amaldagi chempion maqomini himoya qilish va finalga yo‘l olish uchun maydonga tushadi. Endi gap kam, harakat ko‘p: yoshlarimizdan yana bir mardona o‘yin kutamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!