Pedri faoliyatini Barselona tarkibida yakunlamoqchi

Barselona klubining yulduzli yarim himoyachisi Pedri kelajagi borasidagi barcha mish-mishlarga chek qoʻydi. Ispaniyalik iqtidor egasi Kataloniya klubidagi faoliyatidan baxtiyor ekanini va jamoani hech qanday taklifga almashtirmasligini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu klubda toʻp surish uning bolalikdagi eng katta orzusi boʻlgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Pedrining Barselona bilan bogʻliqligi chuqur oilaviy tarixga ega. Uning bobosi klubning rasmiy muxlislar uyushmasiga (penya) asos solgan, keyinchalik bu anʼanani otasi davom ettirgan. "Barselona tarkibida oʻynash — bu eng oliy baxt. Men buni bolaligimdan orzu qilganman va hozir buni hech narsaga almashtirmayman. Bobom mening ushbu darajaga chiqqanimni koʻrishini juda xohlardim", — deya taʼkidladi futbolchi Televisión Canaria telekanaliga bergan intervyusida.
Futbolchi oʻzining mashhur laqabi qanday paydo boʻlgani haqida ham soʻzlab berdi. Tegueste jamoasida oʻynab yurgan vaqtida murabbiylar uni boshqa bir ismdoshidan ajratish uchun kichikroq va ozgʻinroq boʻlgani sababli "Pedri" deb chaqira boshlashgan. Bugungi kunda bu nom jahon futbolidagi eng mashhur brendlardan biriga aylandi.
Joriy mavsumda 43 ta oʻyinda 12 ta golli uzatmani amalga oshirganiga qaramay, 23 yoshli yarim himoyachi oʻz oʻyinidan toʻlaqonli qoniqmayapti. U oʻzining kumirlari Xavi va Andrés Iniesta kabi maydonni koʻrish qobiliyatini shakllantirish ustida ishlamoqda. Pedri jamoaga koʻproq foyda keltirish uchun samaradorlikni oshirish niyatida.
"Oʻylaymanki, gol va assistlar borasidagi koʻrsatkichlarimni yaxshilashim kerak. Buni har yili oʻzimga maqsad qilib qoʻyaman va jamoaga yordam berish uchun koʻproq mehnat qilishim zarurligini bilaman", — deya qoʻshimcha qildi Barselona yetakchisi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!