Rob Green: PSJ Chempionlar ligasi finalida favorit, Arsenalda imkoniyat kam

Angliya terma jamoasi va Vest Xem klubining sobiq darvozaboni Rob Green Chempionlar ligasi finali oldidan oʻz taxminlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning fikricha, turnir gʻolibligi uchun kurashda Parij klubi yaqqol ustunlikka ega. Green bu xulosaga kelishida hech qanday hissiyot yoki romantikaga berilmaganini, shunchaki PSJ ayni damda kuchliroq ekanini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"PSJ juda kuchli jamoa. Arsenal oʻrta va quyi pogʻonadagi jamoalarni magʻlub etishda ajoyib natija koʻrsatdi, ammo grand klublarga qarshi oʻyinlarda ularning yurishi mukammal boʻlmadi. Menimcha, PSJ hozirgi holatida Angliya Premer-ligasining istalgan jamoasini magʻlub eta oladi", — dedi Green GOAL nashriga bergan intervyusida.
Ekspert sifatida mavsum davomida Yevropaning eng nufuzli musobaqasini kuzatib borgan Green, yangilangan format haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, liga bosqichi endi muhimroq ahamiyat kasb etmoqda. Arsenal finalga qadar birmuncha osonroq yoʻlni bosib oʻtgani, ularning eng jiddiy raqibi boʻlgan Atletiko Madrid esa oʻz darajasida oʻyin koʻrsata olmagani qayd etildi.
Shuningdek, sobiq darvozabon PSJ mavsum boshida biroz qiynalgan boʻlsa-da, kerakli vaqtda oʻz formasini tiklab olganini aytdi. Kelgusi mavsumlarda jamoalar liga bosqichidagi har bir ochko uchun qattiqroq kurashishini, chunki qurʼa va jadvaldagi oʻrin keyingi bosqich taqdirini hal qilishini qoʻshimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!