Montella: «Futbolchilarim bunday tanqidlarga loyiq emasdi»

Turkiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Vinchenso Montella jahon chempionati guruh bosqichida AQSH ustidan qozonilgan 3:2 hisobidagi g‘alabadan keyin o‘z fikrlarini bildirdi.
Italiyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, jamoa og‘ir vaziyatda ham o‘yin yo‘nalishini o‘zgartira olishini isbotladi. Montella buni futbolchilarning maydonda nima qilish kerakligini yaxshi anglashi bilan izohladi.
«Agar biz nima qilayotganini biladigan jamoa bo‘lmaganimizda, uchrashuvning borishini o‘zgartira olmasdik», — dedi u.
Bosh murabbiy turnir davomida futbolchilar manziliga bildirilgan keskin tanqidlarni ham adolatsiz deb hisoblashini yashirmadi.
«Menimcha, futbolchilarim bunday qattiq tanqidlarga loyiq emasdi. Shu sabab ularning ushbu g‘alabani qo‘lga kiritganidan juda xursandman», — deya qo‘shimcha qildi Montella.
Mutaxassis Turkiyaning keyingi jahon chempionatiga yo‘l olishi uchun yana uzoq yillar kutishga to‘g‘ri kelmasligiga umid bildirdi.
«Umid qilamanki, Turkiya yana jahon chempionatiga chiqish uchun 24 yil kutishiga to‘g‘ri kelmaydi», — deya Montellaning so‘zlarini keltirdi jurnalist Ibrohim Haskolo‘g‘li.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya milliy jamoasi AQSHni mag‘lub etganiga qaramay, guruh bosqichini 3 ochko bilan so‘nggi o‘rinda yakunladi va pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi.































Izohlar 0
…