Kerjakov: «O‘zbekistonning pley-offga chiqishi uchun mo‘jiza kerak»

Rossiyalik sobiq futbolchi Aleksandr Kerjakov O‘zbekiston milliy jamoasining 2026 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichining 3-turida uchinchi o‘rin uchun asosiy raqobatchisi hisoblangan Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.
Kerjakovning fikricha, O‘zbekistonning keyingi bosqichga yo‘l olish imkoniyati juda past. Buning uchun jamoa Kongo DRni katta hisobda mag‘lub etishi talab qilinadi.
«O‘zbekistonning jahon chempionatida guruhdan chiqish imkoniyatlari juda kam. Sababi Kongo DR milliy jamoasini o‘ta yirik hisobda mag‘lub etish kerak», — dedi u.
Sobiq hujumchi ushbu vaziyatda mo‘jiza yuz berishiga ishonmayotganini ham yashirmadi.
«Qandaydir mo‘jiza ro‘y berib, O‘zbekiston pley-offga chiqadi, deb o‘ylamayman», — deya qo‘shimcha qildi Kerjakov.
Rossiyalik mutaxassis O‘zbekistonning mundialga yo‘l olganining o‘zi mamlakat futboli uchun katta yutuq ekanini ta’kidladi. U bu jihatdan jamoani JCH-2026da ishtirok etgan Kyurasao terma jamoasi bilan qiyosladi.
«Bu jamoa haqida xuddi Kyurasao milliy jamoasi kabi gapirish mumkin. Jahon chempionatiga chiqishning o‘zi O‘zbekiston futboli uchun katta muvaffaqiyat. Kelajakda ular ushbu natijani yanada rivojlantirishiga umid qilaman», — dedi Kerjakov jurnalist Nikolay Baranov bilan suhbatda.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi turda Kongo DRga qarshi g‘alaba qozonib, turnirdagi imkoniyatini oxirigacha saqlab qolishga harakat qiladi.































Izohlar 0
…