Pekinda samolyot osmono‘par binoga urildi: dahshatli kadrlar tarqaldi

Pekinda kichik samolyot shaharning eng baland osmono‘par binolaridan biriga kelib urildi. Hodisa oqibatida binodan parchalar ko‘chalarga sochilib ketgan. Bu haqda xorij OAVlari xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, voqea juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 atrofida sodir bo‘lgan. Bir dvigatelli, ikki o‘rinli Xitoyda ishlab chiqarilgan B-12PP rusumli yengil samolyot Pekinning eng baland — 109 qavatli CITIC Tower (China Zun) binosiga kelib urilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda binodagi bir nechta oynalar singani, samolyotning dum qismi yerga tushib qolgani hamda atrofga parchalar sochilganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, binodan quyuq tutun ko‘tarilgani sababli barcha odamlar zudlik bilan evakuatsiya qilingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot hodisadan taxminan 30 daqiqa avval Shifosi aeroportidan parvoz qilgan va yana shu aeroportga qaytishi rejalashtirilgan edi. Biroq ma’lum sabablarga ko‘ra belgilangan yo‘nalishdan chiqib ketgan. Parvoz kuzatuv tizimi samolyot signalini Pekinning Sharqiy Beshinchi halqa yo‘li yaqinida yo‘qotgan.
Hodisadan keyin osmono‘par binoga olib boruvchi bir nechta yo‘llar vaqtincha yopildi. Guvohlarning aytishicha, politsiya va favqulodda xizmatlar hududni zudlik bilan nazoratga olgan. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari hodisa joyidagi odamlarga foto va video tasvirga olishga cheklov qo‘ygani, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan ayrim videolar esa qisqa vaqt ichida o‘chirib tashlangani xabar qilinmoqda.
Ayni paytda samolyotning nima sababdan belgilangan yo‘nalishdan chiqib ketgani va hodisaga nima turtki bo‘lgani yuzasidan rasmiy tekshiruv ishlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…