Andrey Fyodorov: «Men Kannavaro o‘rniga Kapadzeni qoldirardim»

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixidagi ilk jahon chempionatining dastlabki ikki uchrashuvida kuchli raqiblarga duch keldi. Vakillarimiz Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga esa 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Milliy jamoaning sobiq futbolchisi Andrey Fyodorov turnirdagi muvaffaqiyatsiz natijalar haqida fikr bildirib, bosh murabbiy Fabio Kannavaroning tayinlanishiga munosabat bildirdi.
Fyodorovning ta’kidlashicha, u qaror qabul qiluvchi bo‘lganida, Italiya terma jamoasining sobiq futbolchisini bosh murabbiy etib tayinlamas va Timur Kapadzeni lavozimida qoldirar edi.
«Menga qolsa, Fabio Kannavaroni O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlamasdim. Timur Kapadzeni qoldirgan bo‘lardim. U milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni yaxshi bajarayotgan edi», — dedi Fyodorov.
Sobiq futbolchi Kannavaroning ham O‘zbekistonda ishlash uchun o‘ziga xos motivatsiyasi borligini ta’kidladi. Biroq u murabbiy almashinuvi jamoaning jahon chempionatidagi ishtirokiga ta’sir ko‘rsatgan, deb hisoblamoqda.
Shu bilan birga, Fyodorov O‘zbekistonning pley-off bosqichiga chiqish imkoniyati hali butunlay yo‘qolmaganini qayd etdi.
«O‘zbekiston terma jamoasi albatta guruhdan chiqa olmaydi, deb aytolmayman. Umid juda katta emas, ammo baribir bor. Buning uchun, eng avvalo, Kongo DR terma jamoasini mag‘lub etish kerak», — dedi u.
Fyodorov Kongo DRni jiddiy raqib sifatida baholadi va ushbu jamoa guruh bosqichida o‘zining kuchli tomonlarini namoyish etganini alohida ta’kidladi.
«Kongo guruh bosqichida o‘zini ancha kuchli tomondan ko‘rsatdi», — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoalari o‘rtasidagi hal qiluvchi uchrashuv 28 iyun kuni AQSHda bo‘lib o‘tadi.
Har ikki jamoa uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan bahs Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da boshlanadi.































Izohlar 0
…