Prezident O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

Prezident O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

Prezident O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokiga munosabat bildirdi.

U milliy jamoaning AQSH va Meksika maydonlarida o‘tkazgan o‘yinlarini butun xalq katta hayajon bilan kuzatganini aytdi. O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda ko‘plab futbolchilari Yevropaning yetakchi klublarida to‘p suradigan Kongo terma jamoalariga qarshi maydonga tushdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu uchrashuvlar futbolchilar uchun muhim tajriba bo‘ldi va ular jahon chempionati muhitini his qildi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov esa musobaqadagi ilk gollarini urib, muxlislarga quvonch bag‘ishladi.

Milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki yuzasidan turli fikrlar bildirilayotgani ham qayd etildi.

«Lekin Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim», dedi Prezident.

Yig‘ilishda katta g‘alabalar uchun futbolni rivojlantirishga yanada keng sharoit yaratish va sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish vazifasi belgilandi. Avvalo, bolalar futboliga e’tibor kuchaytirilib, ushbu sport turini umummilliy harakatga aylantirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston terma jamoasining kelasi yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan Osiyo kubogiga tayyorgarligi hozirdan boshlanadi.

«Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Prezident.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar