Dubayda britaniyalik blogerni o‘lim jazosi kutayotgan bo‘lishi mumkin

Dubayda 23 yoshli britaniyalik bloger Bruk Jorj o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda Detained in Dubai inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bloger Facebook orqali 26 yoshli britaniyalik yigit bilan tanishgan va uning taklifi bilan Dubayga ikkinchi marta safar qilgan. Qizning ta’kidlashicha, sayohat davomida yigit unga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan, doimiy ravishda uni nazorat qilgan, qaytish aviachiptasini bekor qilgan hamda barga borgani uchun uni kaltaklagan.
Bruk Jorjning so‘zlariga ko‘ra, u pasportini olib uyiga qaytishga uringan vaqtda yigit yana unga hujum qilgan. Qiz o‘z hayotidan xavfsiraganini aytib, oshxona pichog‘ini qo‘liga olgan va o‘zini himoya qilish maqsadida yigitga jarohat yetkazgan. Shundan keyin u to‘g‘ridan to‘g‘ri aeroportga yo‘l olgan, biroq u yerda politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Inson huquqlari himoyachilari bildirishicha, qo‘lga olingan vaqtda blogerning tanasida kaltaklanganini ko‘rsatuvchi izlar mavjud bo‘lgan. Shuningdek, unga tarjimon, advokat va Buyuk Britaniya konsulligi bilan o‘z vaqtida bog‘lanish imkoniyati berilmagani ta’kidlanmoqda.
Detained in Dubai tashkiloti ijrochi direktori Radha Stirling BAA rasmiylarini mazkur ishni har tomonlama va xolisona o‘rganishga chaqirdi. Uning fikricha, Bruk Jorjning zo‘ravonlikka uchragani haqidagi da’volari sinchkovlik bilan tekshirilishi lozim.
Shu bilan birga, huquq himoyachilari blogerga yuridik yordam, tibbiy ko‘mak hamda adolatli sud muhokamasi kafolatlanishini talab qilmoqda.
Ayni paytda Dubay rasmiylari Bruk Jorjning voqea o‘zini himoya qilish maqsadida sodir etilgani haqidagi bayonotlarini hozircha tasdiqlaganicha yo‘q. Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…