22:43 / 22.01.2019
7 259

Qo‘lni ko‘taring janob Kuper!

Qo‘lni ko‘taring janob Kuper!
Terma jamoamiz Osiyo kubogida kutilgan o‘yinlarni ko‘rsata olmadi. Natija uchun esa birinchi raqamli aybdor murabbiy hisoblanadi. Demak, terma jamoamizning muvaffaqiyatsizliklarida yagona aybdor bu shubhasiz Ektor Kuper.

2018 yil 6 avgust. Ektor Kuper ishtirokidagi ilk matbuot anjumani.

KUPER SO‘ZINING USTIDAN ChIQDI

Jurnalist: O‘yin falsafangiz qanaqa: futbolchilarga qarab taktika tanlaysizmi, yoki o‘yin uslubingizni futbolchilarga singdirasizmi?
Kuper: Oldinroq aytib o‘tganimdek, bu adaptatsiya jarayoniga bog‘liq. Agar futbolchilar mening falsafamga munosib bo‘la olishmasa ularga ko‘nikishga majburman.

Ha, janob Kuper o‘z so‘zida turdi va futbolchilarimizning o‘yin uslubiga ko‘nikdi. Soddaroq qilib aytsak uni ham “o‘zbekchalashtirib” yubordik. Aslida esa bizga o‘yinimizni yaxshi tomonga o‘zgartiradigan, o‘z uslubi va g‘oyalariga ega murabbiy kerak edi.

Nazarimda o‘yin uslubimiz hali ham Babayan davridagidek: yagona hujumchi, qolgan barcha himoyada. Omadimiz kelib raqib xato qilsa undan foydalanishimiz mumkin, aks holda qanday natija qayd etishimiz aniq. Biroq, Kuperga Sergeyev va Lobanovlarni termaga chaqirmagani uchun alohida rahmat aytsak arziydi. Ha, faqat o‘sha futbolchilarni chaqirmagani uchun minnatdorchilik bildiramiz, boshqasiga emas.

KUPER YoLG‘ONChI

Jurnalist: Yanvar oyida Osiyo Kubogi bo‘ladi. Terma jamoamizdan yaxshi natija kutishimiz mumkinmi?
Kuper: Hozir futbolchilar bilan tanishish jarayoni boshlandi. Albatta katta maqsad va ishonch bor. O‘zbekiston terma jamoasi bilan ko‘zlangan maqsadga erisha olishimga ishonganim uchun ham bu chorlovni qabul qildim. Aks holda bu yerga kelmasdim.

Argentinalik mutaxassis hali ham futbolchilarimiz bilan tanishib ulgurmadimi? Yoki yarim yil oz muddatmi? Kuper ilk matbuot anjumanida gapirgan gaplarini eslarmikin? O‘rtoqlik o‘yinlaridagi sharmandali mag‘lubiyatlarga chidagandik, lekin...Lekin, Osiyo kubogidagi nursiz o‘yinlar toqatimizni toq qilgani rost.

Kuperning O‘zbekistondagi maqsadi faqatgina mo‘may daromad qilish ko‘rinadi. Bu yerda boshqa narsani ko‘rmayapman.

QO‘LNI KO‘TARING JANOB KUPER!

Kuper: Men natija yaxshi bo‘lavermasa ham ishlaydigan murabbiy emasman. Agar natija o‘xshamasa, unda o‘zim rahbariyatga qo‘l beraman va uyga ketaman. Muammo yo‘q.

Ayni damda butun O‘zbekiston xalqining orzu-umidlarini barbod qilganingizni bilasizmi janob Kuper? Agar zarracha buni his qilayotgan bo‘lsangiz o‘zingiz aytgandek qo‘lni ko‘tarib uyga jo‘nang!

U TERMA JAMOAMIZNI MUNDIALGA OLIB ChIQIShGA VA’DA BERMAGAN

Jurnalist: Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga va’da bera olasizmi?
Kuper: Futbolda barcha narsa bo‘lishi mumkin. Lekin men O‘zbekiston terma jamoasini mundialga olib chiqishga aniq va’da bera olmayman. Shuni va’da beramanki, bu yo‘lda bor bilim va salohiyatimni ishga solaman.

Sizning qo‘lingizdan nimalar kelishini Osiyo kubogida ko‘rdik va o‘ylab ham qoldik, balkim Babayan bo‘lganida nisbatan yaxshiroq ishtirok etarmidik...

Bunday ishtirokdan so‘ng terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqishi katta so‘roq ostida qolgani shubhasiz. Agar terma jamoamiz Kuper boshqaruvida qolsa va saralashda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Kuper pinagini ham buzmaydi. Chunki, u bizni 2018 yilning 6 avgustidayoq bu haqda ogohlantirgan.

XULOSA
Kuper avval boshida ko‘pchilik mutaxassislar aytganidek bizga mos murabbiy bo‘lib chiqmadi. Uning futbolga nisbatan qarashlari xuddi yoshi kabi ancha eskirib qolgan. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bu davrda futbol ham kundan-kunga o‘zgarib bormoqda. Bizga esa zamonaviy fikrlaydigan, futbolimizga yangilik olib kiradigan mutaxassis kerak.

Bu yerda futbol assotsiatsiyasini ham ayblamoqchi emasmiz. Shunchaki barchasini o‘zgartirish uchun hali ham kech emasligini aytmoqchimiz xolos. Futbol – muxlislar uchun. Muxlislar esa doimo o‘z terma jamoasidan yuqori natijalarni kutishadi.
Baxtiyorjon Toshtemirov

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qo‘lni ko‘taring janob Kuper!