Osiyo futbolida inqilob: JCH va Osiyo kubogi saralashi o‘rniga Millatlar ligasi joriy etiladi

Osiyo futbolida inqilob: JCH va Osiyo kubogi saralashi o‘rniga Millatlar ligasi joriy etiladi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK)
  • 2030 yildan boshlab Jahon chempionati va Osiyo kubogi saralashlari o‘rniga Osiyo Millatlar ligasini joriy etadi.
  • Ushbu yangi turnir uchta divizionga bo‘lingan jamoalar o‘rtasida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi va divizionlar o‘rtasida ko‘tarilish hamda quyi ligaga tushib ketish tizimi mavjud.

Osiyo qit’asi milliy terma jamoalari uchun xalqaro musobaqalar tizimida yaqin yillarda tarixiy tub burilish kutilmoqda. Nufuzli ESPN nashri xabariga ko‘ra, Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2030 yildan e’tiboran Jahon chempionati hamda Osiyo kubogining an’anaviy saralash bosqichlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan yangi turnir — Osiyo Millatlar ligasini rasman joriy etishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan yilning dekabrida ilk bor ilgari surilgan ushbu loyiha qit’a futbolidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini keskin kamaytirib, yuqori raqobatli va strategik turnirni shakllantirishni maqsad qilgan. Musobaqa har ikki yilda bir marta tashkil etilib, jamoalar uchta divizionga (darajaga) bo‘linadi:

  • 1-daraja (elita): 18 ta jamoa;

  • 2-daraja: 18 ta jamoa;

  • 3-daraja: 11 ta jamoa.

Shuningdek, divizionlar o‘rtasida ko‘tarilish va quyi ligaga tushib ketish tizimi amal qiladi. Yuqori darajadagi eng yaxshi sakkizta terma jamoa esa Millatlar ligasining bosh kubogi uchun pley-offda kuch sinashadi.

Jahon chempionati yo‘llanmalari qanday taqsimlanadi?

Mundial bilan bog‘liq bo‘lgan ilk Millatlar ligasi bahslarini 2032/2033 yillarda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Mazkur musobaqa orqali Jahon chempionati yo‘llanmalari quyidagi formatda ajratiladi:

  • To‘g‘ridan to‘g‘ri kvotalar: Birinchi darajada (elita) eng yuqori 1–6-o‘rinlarni band etgan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri JCH yo‘llanmasiga ega bo‘ladi;

  • Pley-off imkoniyati: 7–10-pog‘onalarni egallagan milliy terma jamoalar qit’a uchun ajratilgan qolgan 2 ta yo‘llanma uchun o‘zaro pley-off bosqichida bahslashadi;

  • Qit’alararo chiqish: Pley-offda uchinchi o‘rinni egallagan jamoa esa qit’alararo o‘tish (pley-off) o‘yinlariga yo‘l oladi.

Osiyo kubogi 2032 yilga ko‘chirilishi mumkin: 2030 yilgi start

Yangi formatdagi ilk musobaqa esa 2030 yilda aynan Osiyo kubogi bilan bog‘liq holda boshlanadi:

  • Qit’a birinchiligiga yo‘l: Ushbu turnirda 1-darajaning barcha 18 ta jamoasi hamda 2-darajada kuchli oltilikka kirgan termalar Osiyo kubogining final bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi;

  • Taqvimdagi o‘zgarish: Ushbu yangi tizim va saralash mexanizmini moslashtirish maqsadida navbatdagi Osiyo kubogini 2031 yildan 2032 yilga ko‘chirish taklif etilmoqda.

2028 yilgi pilot turnir: Jamoalar qanday saralanadi?

OFK yangi tizimga to‘liq o‘tishdan oldin barcha mexanizmlarni amalda sinab ko‘rish uchun 2028/2029 yillarda sinov tariqasidagi pilot turnirini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Aynan ushbu sinov musobaqasida ko‘rsatilgan natijalar va reyting ballari 2030 yilda rasman start oladigan ilk Osiyo Millatlar ligasida terma jamoalarni darajalar (birinchi, ikkinchi va uchinchi ligalar) bo‘yicha taqsimlashda asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur islohot O‘zbekiston milliy terma jamoasi va mintaqaning boshqa yetakchilari uchun xalqaro turnirlarga yo‘llanma olishda mutlaqo yangi va mas’uliyatli sharoitni yaratadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar