22:02 / 08.12.2020
7 162

Shomurodov qozoqmi? Eldor bu borada nima deydi?

Shomurodov qozoqmi? Eldor bu borada nima deydi?
“Jenoa”da o‘ynayotgan Eldor Shomurodovning faoliyatini hamyurtlarimizdan tashqari Rossiyadagi futbol ishqibozlari ham jiddiy e’tibor bilan kuzatib bormoqda. Xususan, rossiyalik jurnalistlar o‘zbek futbolchisi bilan turli intervyular uyushtirmoqda.

Bir qator qiziq loyihalari bilan ko‘plab muxlislar e’tiborini o‘zini qaratgan tele-sport.ru sayti O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi bilan videosuhbat uyushtirib, turli mavzularda savollar berdi. Ushbu intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz.

- Debyut golingizni urgan uchrashuvdan keyin nimalar bo‘ldi?
- Uchrashuvda yutqazganimiz uchun gol ham tatimadi. Ko‘pchilik tabrikladi.O‘zim jamoa yutqazganiga siqildim. Shuning uchun gol muallifi bo‘lganimga unchalik ahamiyat bermadim. Umid qilamanki, keyingi gollarim jamoaga g‘alaba keltiradi.

- Eldor, siz hozir O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Rossiyada ham juda mashhursiz. Genuyada odamlar sizni taniyaptimi?
- To‘g‘risini aytsam, koronavirus pandemiyasi tufayli deyarli ko‘chaga chiqmayman. Shunga bu yerlarda mashhurligim sezilmayapti.

- Siz, Yevropadagi birinchi golingizni urgan o‘yin – “Jenoa” va “Parma” uchrashuvini tomosha qilib, qiziq holatga duch keldik. Bellashuvni sharhlagan italiyalik sharhlovchi gol muallifini qozoq hujumchisi, deb tanishtirdi. Buni qanday qabul qildingiz?
- Hamma ham xatoga yo‘l qo‘yadi, zarari yo‘q. Keyingi gal bunaqasi takrorlanmaydi va ular xatosini to‘g‘rilab oladi. Hammasi joyida. Xato ketgan bo‘lsa, endi hech narsa qilib bo‘lmaydi.

- Italiyaga qanday moslashyapsiz. Kuningiz nimalardan iborat?
- Kunning yarmi “Jenoa” bazasidagi mashg‘ulotlarda o‘tadi. Mashg‘ulot kunduzi bo‘lgan kunlari soat beshta italyan tili bo‘yicha dars olaman. Bo‘sh vaqtimni ota-onam bilan suhbatlashishga sarflayman. Pandemiya tufayli yil davomida ulardan ko‘p payt uzoqda bo‘lishimga to‘g‘ri kelyapti. Bu yil ular bilan bir marta ko‘rishdim xolos. Shuning uchun oilam bilan ko‘proqlashib, gaplashishga harakat qilyapman.

- Genuyada bir o‘zingiz yashayapsizmi?
- Avvaliga agentim kelib, moslashib olishimga yordam berdi. Endi bir o‘zim yashayapman.

- “Rostov”dan “Jenoa”ga kelganingizda, sizni qanday kutib olishdi? Yangi kelganlarga qo‘shiq kuylash kabi qanaqadir urflar bor ekanmi?
- Yo‘q unaqa narsa bo‘lmadi. Mashg‘ulotga keldim va mashq qilishni boshlab yubordim.

- Italyan oshxonasi dunyoda juda mashhur. Siz italyancha taomlarga o‘tdingizmi yoki o‘zbekcha ovqatlarni yeyapsizmi?
- Bu yerda o‘zbek restoranlari yo‘q. O‘zim ham ovqatni yaxshi pishira olmayman. Shunga italyancha ovqatlarni yeyapman. Menga yoqyapti. Chunki Rostovda ham italyan restoranlariga borib turardim. Ovqatlanishda muammo yo‘q. Lekin palovni sog‘indim.

- O‘zingiz palov damlolmaysizmi?
- Yo‘q. Endi rafiqam yoki ota-onam kelganda osh yeymiz.

- “Jenoa”dagi do‘stlaringizni ham palov bilan mehmon qilasizmi?
- Albatta, men ularga dunyodagi eng zo‘r taom o‘zbek palovi ekanini aytganman.

- Italyan tilini o‘rganish qanday ketyapti?
- Boshida juda og‘ir bo‘ldi. Endi sekin-asta tushuna boshladim. Kelganimda birorta so‘zni bilmasdim. Hozir ba’zi gaplarni tushunyapman. O‘rganib olaman.

- Klub xodimlari bilan italyan tilida gaplashyapsizmi?
- Ha. Amaliyot bo‘lishi uchun ulardan ham shu tilda gapirishni so‘rayapman. Tushunmay qolsam ingliz tilidan foydalanyapman.

- Yangi yil yaqinlashmoqda. Bayramni qanday kutib olasiz? O‘zbekistonga qaytasizmi yoki oilangiz Genuyaga keladimi?
- Yangi yilni bir o‘zim Italiyada kutib olaman. Muhim o‘yinlar bor, avvalo, ularga tayyorlanishim kerak. Oilamdagilar keyinroq keladi.

- Italiyaga kelganingizda sizni nima hayratga soldi?
- Rostovda hamma narsa O‘zbekistondagidek edi. Italiyada hammasi o‘zgacha. Mentalitet umuman boshqa. Hammasiga ko‘nikishga to‘g‘ri kelyapti.

- Zerikmayapsizmi?
- Yo‘q. Bu yerga kelishni orzu qilardimku. Maqsadim yaxshi o‘ynab, yanada o‘sishga erishish.

- Maran nima deyapti?
- Hozir ko‘p gaplashmayapmiz. Sababi italyanchani baribir yaxshi tushunmayman.

- Jamoada siz ko‘p muloqot qilayotgan va sizga yordam berayotgan futbolchi bormi?
- Klubda hamma yordam berishga harakat qiladi. Tushunmaganimga ko‘rsatib berishadi. O‘zim ham tilni tezroq o‘rganish uchun ko‘proq gaplashishga harakat qilyapman.

- Eldor, Rossiyada ham xuddi O‘zbekistondagi kabi ko‘pchilik sizga muxlislik qiladi. Juda mashhursiz. Hamma ko‘proq gol urishingizni va “Jenoa” ham g‘alaba qozonishini istayapti.
- Men ham o‘z o‘rnida bizni qo‘llab-quvvatlab turganlarning hammasiga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov qozoqmi? Eldor bu borada nima deydi?