23:30 / 21.03.2021
2 093

Legionerimiz “Shaxtyor”dan ketadimi?

Legionerimiz “Shaxtyor”dan ketadimi?
Belarus chempioni – “Shaxtyor” joriy mavsumda ham chempionlik unvonini munosib himoya qilmoqda. Soligorskliklar dastlab, o‘z uyida “Minsk”ni 1:0 hisobida yenggan bo‘lsa, keyingi bahsda “Energetik-BGU” maydonidan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.

Bu yil “Shaxtyor”da Bekobodning “Metallurg” jamoasidan taklif qilingan Shahzod Ubaydullayev to‘p tepmoqda. U birinchi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib, o‘n daqiqa o‘ynagandi. Keyingi bahsda asosiy tarkibga kiritildi. Bu bahsda hamyurtimiz penalti ishladi. Biroq, ikkinchi bo‘lim boshida zaxiraga olindi.

Aslida chempionat o‘yinlaridan oldin Shahzod Ubaydullayev boshqa jamoaga berilishi haqida xabarlar tarqatilgandi. Bu mavzu hamon dolzarb. Belaruslik jurnalistlar o‘yindan keyingi matbuot anjumanida o‘zbekistonlik legionerning jamoadagi o‘rni haqida bosh murabbiy Roman Grigorchukka savol berishdi.

- Avvalo uchrashuvda uch ochko olganimizdan mamnunligimizni aytishni istardim. Raqibimiz kuchli jamoa ekanini bilardik. Ular tezkor, maqsad sari intiluvchan va ko‘p narsaga qodir futbolchilarga ega. G‘alaba qozongan bo‘lsak-da, bu uchrashuvdan o‘zimiz uchun yetarlicha xulosalar chiqardik. Biz birinchi bo‘limda ikki to‘p farqi bilan oldinda borayotgan holatda raqibni tiz cho‘ktirishimiz kerak edi. Ikkinchi taymda hammasi aksincha bo‘ldi, - dedi “Shaxtyor” bosh murabbiyi Roman Grigorchuk.

“Shaxtyor” avval to‘rt himoyachi, keyin uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynadi...

- Taktika haqida gapirsak, kam bo‘lsa-da, xatoga yo‘l qo‘ydik. Yigitlar qanday aytilgan bo‘lsa, shunday o‘ynadi. Ularga hech qanday e’tirozim yo‘q.

- Taktika raqibga qarab tanlandimi?
- Buni turlicha izohlash mumkin. Hujum uyushtirishda raqibning zaif tomonlarini inobatga olamiz. Himoyalanishda esa, raqibning imkoniyatlarini chuqur o‘rganib chiqib, o‘yin tashkil qilamiz.

- Hujumdagi uchlik – Igor Stasevich, Dembo Darbo va Shahzod Ubaydullayev pozitsiyalarini ko‘p almashtirishdi. Bu sizning qaroringizmi yoki o‘zlarining tashabbusimi?
- Hujumkor futbolchilar joyini ko‘p almashtirib o‘ynashi kerak. Lekin bu uchlikdagilardan Shahzod va Dembo ko‘proq o‘rin almashishi kerak edi. Stasevich boshqa pozitsiyaga o‘tib qolgan vaziyatlar ham kuzatildi.

- Ubaydullayevning “Energetik-BGU”ga ijaraga berilishi haqida ko‘p gapirildi. Uning “Shaxtyor”da qolishi hal bo‘ldimi?
- U yig‘inlarning boshidan biz bilan birga va unga ishonch bildiramiz. Lekin yangi chempionatga kimdir tezroq, boshqasi sekinroq moslashishini inobatga olish kerakligini ham tushunishimiz va inobatga olishimiz shart. Hozircha, Shahzod o‘zini ko‘rsatishi uchun o‘yin amaliyotini taqdim qilyapmiz.

Darhaqiqat, Shahzod Ubaydullayev joriy yilning yanvar oyida “Shaxtyor” taklifini qabul qilib, soligorskliklar bilan bir yillik shartnoma imzoladi.

Mavsumoldi tayyorgarlik mashg‘ulotlarida yosh hujumchimiz faol ishtirok etdi. Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil qilingan yig‘inda to‘rtta gol bilan jamoa to‘purari bo‘ldi. Ubaydullayev o‘rtoqlik uchrashuvlarida Armanistonning “Pyunik”, Rossiyaning “Rodina”, Birlashgan Arab Amirliklari vakili – “Liva” va “Dubay Siti” jamoalari darvozasini ishg‘ol qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimiz “Shaxtyor”dan ketadimi?