date
views 114

Olimlar inson terisi kabi o‘zini tiklaydigan material yaratdi!

Olimlar inson terisi kabi o‘zini tiklaydigan material yaratdi!
Tibbiyot va texnologiya sohasida yangi inqilobiy kashfiyot amalga oshirildi. Finlyandiyaning Aalto universiteti hamda Germaniyaning Bayreyt universiteti tadqiqotchilari birgalikda inson terisi kabi yupqa, elastik va o‘zini tezda tiklay oladigan innovatsion gidrogelni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu kashfiyot meditsina sohasida ulkan o‘zgarishlarga olib kelishi kutilmoqda.

Yangi materialning o‘ziga xosligi shundaki, u inson terisi kabi shikastlanishdan keyin tezda tiklanish xususiyatiga ega. Tadqiqotchilarning tajribalari ko‘rsatishicha, ushbu gidrogel to‘rt soat ichida o‘zining 90 foiz holatiga qayta oladi. Agar material 24 soat mobaynida qoldirilsa, to‘liq ravishda o‘zining avvalgi holatiga qaytadi. Bunday yuqori tiklanish qobiliyati esa yara va jarohatlarning tez bitishi, sun’iy teri ishlab chiqarish va regenerativ tibbiyot yo‘nalishida yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Gidrogellar aslida ko‘plab kundalik mahsulotlarda, masalan, soch parvarish vositalari, kosmetika mahsulotlari va hatto oziq-ovqat sanoatida ham uchraydi. Ammo ilgari inson terisi kabi murakkab tuzilmali va yuqori darajada tiklanish qobiliyatiga ega materialni yaratish olimlar uchun juda katta muammo bo‘lib kelgan.

Inson terisi tabiatning eng ajoyib va murakkab tuzilmalaridan biri sanaladi. U mustahkam, egiluvchan va shikastdan so‘ng tezda qayta tiklanadigan xususiyatlarga ega. Olimlar bir necha yillardan buyon ana shunday xususiyatlarni birlashtirgan sun’iy materiallarni ishlab chiqishga harakat qilishgan. Ammo bu orzular endilikda haqiqatga aylandi. Fin va nemis olimlari yaratgan innovatsion gidrogel inson terisining barcha muhim xususiyatlarini to‘liq o‘z ichiga oladi.

Bu yangi materialni yaratish uchun tadqiqotchilar maxsus nanotexnologiya usulidan foydalangan. Gidrogel tarkibiga o‘ta yupqa, loysimon strukturadagi nanovaraqalar kiritilgan. Oddiy gidrogellar, odatda, yumshoq va egiluvchan bo‘ladi, ammo ushbu innovatsion materialning tarkibidagi polimerlar nanovaraqalar orasida zich joylashib, gidrogelga yuqori darajada mustahkamlik va tiklanish qobiliyatini beradi.

Ushbu kashfiyot haqida ilmiy maqola 7 mart kuni nufuzli Natural Materials jurnalida chop etildi. Mutaxassislarning aytishicha, bu kashfiyot nafaqat tibbiyotda, balki kosmetologiya, dermatologiya va sun’iy organlar yaratish kabi sohalarda ham yangi sahifa ochadi. Yangi gidrogel jarrohlikdan keyingi jarohatlarni tez tiklashda yordam beradi va kuygan terini qayta tiklashda foydalaniladigan sun’iy terilarning ham rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu innovatsion texnologiya kelajakda nafaqat yaralarni tez bitiruvchi vositalar sifatida, balki robototexnika va sun’iy intellekt sohalarida sun’iy «aqlli terilar» yaratish uchun ham katta istiqbolga ega. Tadqiqotchilar endilikda bu kashfiyotni keng ko‘lamdagi tibbiy mahsulotlarga aylantirish ustida ish olib borishmoqda. Bu material insoniyat hayoti va sog‘lig‘i uchun yangi davrni boshlab berishi mumkin.

Foto: News18
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Olimlar inson terisi kabi o‘zini tiklaydigan material yaratdi!