A* Capital venchur fondi 450 million dollar mablagʻ jalb qildi

Kevin Hartz tomonidan asos solingan A* Capital venchur firmasi oʻzining uchinchi fondi uchun 450 million dollar sarmoya yigʻganini eʼlon qildi. Kompaniya sunʼiy intellekt, fintech, sogʻliqni saqlash va kiberxavfsizlik kabi turli sohalardagi istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi fond doirasida har bir startapga oʻrtacha 3 milliondan 5 million dollargacha mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan. A* Capital ushbu mablagʻlar evaziga kamida 30 ta yangi loyihani qoʻllab-quvvatlamoqchi. Investitsiyalar jarayoni kelgusi ikki-uch yil davomida amalga oshiriladi.
Fondning investorlari qatorida notijorat tashkilotlar, jamgʻarmalar va Carnegie Mellon universiteti kabi nufuzli muassasalar bor. 2020-yilda Kevin Hartz va Bennet Siegel tomonidan tashkil etilgan firma, avvalroq 2021-yilda 300 million dollar va 2024-yilda 315 million dollarlik fondlarni muvaffaqiyatli yopgan edi.
A* Capital yosh tadbirkorlarga sarmoya kiritishi bilan ham tanilgan. Hozirgi portfelning qariyb 20 foizi oʻsmir yoshdagi asoschilar boshqaruvidagi startaplar hissasiga toʻgʻri keladi. Firma bungacha Ramp va Mercor kabi muvaffaqiyatli kompaniyalarga investitsiya kiritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!