Sunʼiy intellektga asoslangan qidiruv startaplari bozorga shiddat bilan kirmoqda

Kecha Google oʻzining anʼanaviy qidiruv tizimini sunʼiy intellektga asoslangan yangi tajriba foydasiga oʻzgartirish rejasini eʼlon qildi. Biroq, qidiruv tizimlarining keyingi avlodini yaratish ustida faqatgina Google ishlayotgani yoʻq. Bloomberg xabariga koʻra, Andreessen Horowitz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan Exa Labs startapi 2,5 milliard dollar baholangan holda 250 million dollar investitsiya jalb qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Exa Labs qidiruv sanoatini tubdan oʻzgartirishga intilayotgan Tavily, TinyFish va Parallel Web Systems kabi startaplar toʻlqinining bir qismidir. Twitter sobiq bosh direktori Parag Agrawal boshchiligidagi Parallel kompaniyasi yaqinda Sequoia Capital boshchiligidagi investitsiya raundida 100 million dollar mablagʻ toʻpladi va uning qiymati 2 milliard dollarga yetdi.
Shu bilan birga, Amazon, LinkedIn va Reddit kabi yirik platformalar ham oʻz qidiruv va maʼlumot topish funksiyalarini yangilash uchun sunʼiy intellektga murojaat qilmoqda. Bu esa kelajakda istiqbolli startaplarni sotib olishga tayyor boʻlgan yirik xaridorlar koʻpligidan dalolat beradi.
Hozirgi vaqtda ushbu sohadagi eng yirik raqobatchi ChatGPT boʻlib qolmoqda. Google oʻzining yangi funksiyalarini ishga tushirgunga qadar, sunʼiy intellekt orqali amalga oshiriladigan qidiruvlarning asosiy qismi aynan OpenAI platformasi hissasiga toʻgʻri kelayotgan edi.
OpenAI uchun qidiruv tizimi yagona ustuvor yoʻnalish emas, Google esa oʻzining reklama biznesini himoya qilishi kerak. Bunday vaziyat Exa yoki Parallel kabi kichikroq laboratoriyalar uchun bozorda oʻz oʻrnini topish va yangi yoʻnalishlarni shakllantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!