Samsung Qualcommʻdan oʻzib ketdi: Exynos 2600 sovutish tizimi rekord oʻrnatdi

Premium smartfonlarda bugʻlanish kameralaridan foydalanish odatiy holga aylangan boʻlsa-da, Samsung kompaniyasi yanada ilgarilab ketdi. Yangi Exynos 2600 protsessorida Janubiy Koreya giganti Heat Pass Block (HPB) texnologiyasini qoʻlladi. Ushbu texnologiya issiqlikni samaraliroq chiqarish uchun mis radiatorni bevosita SoC kristalining ustiga oʻrnatishni koʻzda tutadi. Amaliy testlar shuni koʻrsatdiki, bu yondashuv hatto suyuq azot yordamida sovutiladigan tizimlardan ham ustunroq natija bermoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mashhur texnobloger Geekerwan oʻtkazgan tadqiqotlar Samsung ishlanmasining samaradorligini isbotladi. Hozirda Apple va boshqa ishlab chiqaruvchilar PoP (Package-on-Package) texnologiyasidan foydalanadi, yaʼni operativ xotira (DRAM) protsessor kristalining ustiga qatlam qilib joylashtiriladi. Bu joyni tejasa-da, xotiradan chiqayotgan issiqlik protsessorni qizitib yuboradi va uning unumdorligini pasaytiradi (trottling). Geekerwan suyuq azot yordamida Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipini sovutishga urinib koʻrdi, biroq Qualcomm flagmani hatto oʻta past haroratda ham 4,61 GGs chastotani barqaror ushlab tura olmadi.
Shu bilan birga, Exynos 2600 chipidagi HPB texnologiyasi issiqlik nazoratida ancha yuqori samaradorlik koʻrsatdi. Garchi Galaxy S26+ smartfoni uzoq vaqt yuklama ostida biroz qizigan boʻlsa-da, bu qurilmadagi bugʻlanish kamerasining kichikligi bilan izohlanadi. Muammoning yechimi oddiy boʻlib chiqdi: smartfon orqasiga oddiy yechiladigan ventilyator oʻrnatish orqali Exynos 2600 oʻzining maksimal quvvatini toʻliq tiklay oladi.
Samsung muvaffaqiyati sanoatning boshqa ishtirokchilarini ham rejalarini qayta koʻrib chiqishga majbur qildi. Maʼlumotlarga koʻra, Qualcomm oʻzining 2 nanometrli Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipida shunga oʻxshash yechimni qoʻllamoqchi. Apple va MediaTek ham kelajakdagi mahsulotlarida ushbu texnologiyadan nusxa olishi kutilmoqda. Samsung esa toʻxtab qolmoqchi emas: keyingi Exynos 2700 avlodida protsessor va xotira yonma-yon joylashadigan SBS (Side-by-Side) texnologiyasi joriy etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!