NVIDIA stol usti superkompyuterini taqdim etdi: 748 GB xotira va 20 petaflops

NVIDIA kompaniyasi imkoniyatlari boʻyicha maʼlumotlar markazlariga (data-center) yaqinlashadigan DGX Station for Windows stol usti sunʼiy intellekt superkompyuterini namoyish etdi. Ushbu tizim yirik sunʼiy intellekt modellarini, jumladan, 1 trilliongacha parametrga ega boʻlgan modellarni lokal ravishda ishga tushirish va ular bilan ishlash uchun moʻljallangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Platforma asosini NVIDIA GB300 Grace Blackwell Ultra arxitekturasi tashkil etadi. Konfiguratsiya 72 yadroli Grace protsessori, Blackwell Ultra grafikasi hamda 748 GB gacha boʻlgan umumiy xotirani oʻz ichiga oladi. Tizim unumdorligi FP4 formatida 20 petaflopsga yetadi, bu esa uni murakkab sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish vazifalariga yoʻnaltiradi.
Zarurat tugʻilganda, tizimga qoʻshimcha NVIDIA RTX PRO 6000 Blackwell videokartasini oʻrnatish imkoniyati mavjud. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, DGX Station bir vaqtning oʻzida koʻplab sunʼiy intellekt agentlariga xizmat koʻrsatishga va bulutli xizmatlarga murojaat qilmasdan, katta hajmdagi maʼlumotlarni lokal tahlil qilishga qodir.
Qurilma asosan dasturchilar va tadqiqot guruhlari uchun moʻljallangan. Sotuvlar 2026-yilning toʻrtinchi choragida boshlanishi kutilmoqda. Qurilmani ishlab chiqarish bilan Asus, Dell, Gigabyte, HP, MSI va Supermicro kabi hamkor kompaniyalar shugʻullanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!