Sunʼiy intellekt va ishsizlik: Yangi tadqiqot kutilmagan natijalarni koʻrsatdi

Dunyo boʻylab sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi mehnat bozorida jiddiy xavotirlarga sabab boʻlmoqda. Koʻplab mutaxassislar AI tufayli ommaviy ishsizlik yuzaga kelishidan qoʻrqayotgan bir paytda, Ramp va Revelio Labs kompaniyalarining yangi hisoboti ushbu mavzudagi qarashlarni biroz oʻzgartirishi mumkin. Tadqiqot natijalariga koʻra, sunʼiy intellektga katta sarmoya kiritayotgan kompaniyalarda xodimlar soni qisqarish oʻrniga, aksincha, oʻsib bormoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yilning may oyiga qadar eʼlon qilingan qariyb 90 mingta ish oʻrinlarining qisqarishi bevosita AI joriy etilishi bilan bogʻliq deb koʻrilmoqda. Ayrim prognozlar kelgusi besh yil ichida AQSHdagi ish oʻrinlarining 15 foizi sunʼiy intellekt tomonidan egallanishini koʻrsatmoqda. Biroq 22 mingga yaqin kompaniya faoliyatini tahlil qilgan Ramp va Revelio Labs ekspertlari vaziyat har doim ham salbiy emasligini taʼkidlamoqda.
Sarmoya va xodimlar sonining oʻsishi
Tadqiqotda "yuqori intensivlikdagi foydalanuvchilar" deb atalgan kompaniyalar — yaʼni har bir xodim uchun AI texnologiyalariga oyiga oʻrtacha 30 dollar sarflaydigan firmalar oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, bunday kompaniyalarda xodimlar soni oʻrtacha 10,2 foizga oshgan. Bu oʻsish nafaqat muhandislik, balki savdo, maʼmuriyat, mijozlarga xizmat koʻrsatish, moliya va marketing kabi sohalarda ham kuzatilgan.Ayniqsa, axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot va media sohalarida kadrlar yetishmovchiligi va yangi ish oʻrinlarining yaratilishi yuqori surʼatlarda davom etmoqda. Bu esa AI texnologiyalari ish oʻrinlarini yoʻq qilishdan koʻra, kompaniyalarning kengayishiga xizmat qilayotganidan dalolat beradi. Mazkur jarayon Oʻzbekistonning rivojlanayotgan IT sektori uchun ham dolzarb boʻlib, texnologik investitsiyalar yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.
Kichik mutaxassislar uchun imkoniyatlar
Koʻpchilikni tashvishga solayotgan yana bir jihat — quyi boʻgʻin (entry-level) xodimlarining kelajagidir. Goldman Sachs maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi bir yil ichida AI tufayli har oy oʻrtacha 16 mingta ish oʻrni yoʻqolgan va bunda asosiy zarba Gen Z vakillariga toʻgʻri kelgan. Biroq texnologik jihatdan ilgʻor kompaniyalarda quyi boʻgʻin xodimlari soni, aksincha, 12 foizga koʻpaygan.Hisobot mualliflarining fikricha, sunʼiy intellekt mehnatni shunchaki almashtiruvchi vosita emas, balki biznesni kengaytirish drayveriga aylanmoqda. AI yordamida kod yozish, xatolarni tuzatish va texnik hujjatlar bilan ishlash jarayonlari arzonlashishi va tezlashishi butun kompaniya samaradorligini oshiradi. Bu esa oʻz navbatida barcha boʻlimlarda yangi xodimlarga ehtiyoj tugʻdiradi.
Shuni taʼkidlash joizki, ijobiy koʻrsatkichlar asosan AI texnologiyalariga barqaror va tizimli sarmoya kiritayotgan kompaniyalarda kuzatilmoqda. Shunchaki obuna sotib olib, tajriba oʻtkazgan, lekin uzoq muddatli strategiyaga ega boʻlmagan firmalarda xodimlar soni oʻsishi kuzatilmagan. Demak, kelajakda mehnat bozoridagi muvaffaqiyat nafaqat texnologiyani bilishga, balki undan oqilona foydalanishga bogʻliq boʻladi.






























Izohlar 0
…