Sunʼiy intellekt poygasi: Google kompaniyasining energiya isteʼmoli 37 foizga oshdi

Google korporatsiyasi oʻzining 2026-yilgi ekologik hisobotini eʼlon qildi. Unda tan olinishicha, sunʼiy intellekt texnologiyalarining shiddatli rivojlanishi kompaniya infratuzilmasining energiya isteʼmoli misli koʻrilmagan darajada oʻsishiga sabab boʻlgan. 2025-yil yakunlariga koʻra, elektr energiyasi sarfi oʻtgan yilga nisbatan 37 foizga oshib, 43,6 million MW·soatni tashkil etgan. Maʼlumot uchun, bu miqdor Yangi Zelandiya yoki Daniya kabi butun bir davlatlarning yillik isteʼmoliga tengdir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Energiya sarfining bunday keskin koʻtarilishiga asosiy sabab sifatida Google Cloud platformasining kengayishi, Gemini generativ modellarining rivojlanishi va qidiruv tizimi hisoblash quvvatlarining oshishi koʻrsatilmoqda. Shuningdek, YouTube platformasining masshtablashishi ham qoʻshimcha yuklama yaratgan. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, 2019-yildan buyon kompaniyaning umumiy energiya isteʼmoli 250 foizdan koʻproqqa oʻsgan, bu esa global sunʼiy intellekt poygasining energetik tizimlarga taʼsirini yaqqol koʻrsatib beradi.
Yashil energiya va texnologik samaradorlik
Vaziyat murakkabligiga qaramay, Google zararli gazlar ajralmasini energiya isteʼmoli oʻsishidan qisman "uzishga" muvaffaq boʻlganini taʼkidlamoqda. Kompaniya toza energiya manbalarini katta hajmda sotib olishi natijasida operatsion chiqindilar miqdori yil davomida 2 foizga kamaygan. Korporatsiya ketma-ket toʻqqiz yildan beri oʻzining yillik isteʼmoliga teng miqdorda qayta tiklanuvchi energiya sotib olib kelmoqda. Biroq, bu muvozanat yillik hisobda boʻlib, ayrim maʼlumotlar markazlari muayyan vaqtlarda hali ham qazilma yoqilgʻi hisobiga ishlamoqda.Google oʻzining sunʼiy intellekt infratuzilmasi samaradorligini oshirish ustida ham faol ish olib bormoqda. Kompaniya maʼlumotlar markazlarining energiya samaradorligi koʻrsatkichi (PUE) 1,09 ni tashkil etdi, bu sohadagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 83 foizga yaxshiroqdir. Xususan, yangi avlod TPU Ironwood protsessorlari 2018-yilda taqdim etilgan ilk modellardan 30 barobar tejamkorroq ekani maʼlum qilindi. Shuningdek, Gemini tizimlaridagi bitta matnli soʻrov uchun sarflanadigan energiya bir yil ichida 33 barobarga qisqargan.
Yadro energetikasi va kelajak rejalari
Kelajakdagi energiya ehtiyojlarini qoplash uchun Google yanada barqaror manbalarga sarmoya kiritmoqda. Kompaniya quyidagi yirik loyihalarni amalga oshirmoqda:- Kairos Power kompaniyasidan kichik modulli yadro reaktorlari orqali energiya sotib olish boʻyicha dunyodagi ilk korporativ kelishuv;
- 600 MW quvvatga ega Duane Arnold atom elektr stansiyasini qayta ishga tushirishda ishtirok etish;
- Geotermal energetika va boshqariladigan termoyadro sintezi loyihalariga investitsiyalar kiritish.
Xulosa oʻrnida Google vakillari sunʼiy intellekt infratuzilmasi hozirda global energetika tizimining past uglerodli manbalarga oʻtishidan koʻra tezroq rivojlanayotganini tan olishdi. Shu sababli, yaqin yillardagi asosiy vazifa hisoblashlarni kamaytirish emas, balki iqlimga zarar yetkazmagan holda oʻsishni taʼminlovchi yangi energetika infratuzilmasini yaratishdan iborat boʻladi.






























Izohlar 0
…