Yer sayyorasi qora materiyani qidiruvchi ulkan detektorga aylandi

Yer sayyorasi qora materiyani qidiruvchi ulkan detektorga aylandi
Qisqacha

Xalqaro fiziklar guruhi Yer sayyorasini qora materiya zarralarini aniqlovchi ulkan detektor sifatida qo'llab, Eskdalemuir observatoriyasining 2012-yil sentabridan 2022-yil noyabrigacha to'plangan magnit maydoni o'lchovlarini tahlil qildi va odatiy shovqinlar bilan tushuntirib bo'lmaydigan 65 ta barqaror signalni aniqladi.

Xalqaro fiziklar guruhi Yer sayyorasining oʻzini qora materiya zarralarini aniqlovchi ulkan detektor sifatida ishlatishdi. Progress of Theoretical and Experimental Physics jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga koʻra, Shotslandiyadagi Eskdalemuir observatoriyasining oʻn yildan ortiq vaqt davomida toʻplagan magnit maydoni oʻlchovlari tahlil qilindi. Olimlar odatiy shovqinlar bilan tushuntirib boʻlmaydigan 65 ta barqaror signalni aniqlashdi va shu bilan birga aksionlar xossalariga nisbatan eng qatʼiy toʻgʻridan-toʻgʻri chegarani oʻrnatishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Aksionlar — bu odatiy moddalar bilan deyarli oʻzaro taʼsirlashmaydigan va ulardan toʻsiqsiz oʻtib ketadigan oʻta yengil gipotetik zarralar hisoblanadi. Agar ular mavjud boʻlsa, koinotning koʻzga koʻrinmaydigan va asboblar bilan ushlab boʻlmaydigan, ammo oʻzini gravitatsiya orqali namoyon qiladigan massasining taxminan 85 foizini tashkil qilishi mumkin. Nazariyaga koʻra, aksionlar Yer sharini kesib oʻtayotganda sayyoraning global magnit maydoni bilan taʼsirlashib, past chastotali elektromagnit toʻlqinlarni keltirib chiqarishi kerak.

Yangi usul va qatʼiy tahlil jarayoni

ixbt.com maʼlumotiga koʻra, tadqiqotchilar qimmatbaho yangi qurilmalar yasash oʻrniga Shotlandiyaning janubidagi Eskdalemuir observatoriyasining tayyor maʼlumotlariga tayanishdi. Ushbu markaz 2012-yil sentabridan 2022-yil noyabriga qadar sekundiga 100 marta chastotada magnit maydoni tebranishlarini qayd etib kelgan. Olingan ulkan maʼlumotlar bazasi 9909 ta sakkiz soatlik fragmentlarga boʻlinib, ularning har biridan aksionlarga xos boʻlgan doimiy chastotadagi turgʻun choʻqqilar qidirilgan.

Birlamchi saralash jarayonida 800 dan ortiq nomzod topilgan edi. Shundan soʻng signalning faqat umumiy muddatda emas, balki har bir y kuzatuvda mavjudligi tekshirilib, bu raqam 375 taga qisqartirildi. Keyingi bosqichda elektronika tizimlari hosil qiladigan shubhali tekis chastotalar chiqarib tashlanib, 65 ta signal qoldirildi. Biroq, ularning haqiqiyligini birgina nuqtadan olingan maʼlumotlar asosidagina tasdiqlab boʻlmaydi, chunki bunday signal bir vaqtning oʻzida sayyoramizning turli burchaklaridagi magnitometrlar tomonidan qayd etilishi shart.

Ilmiy natijalar va istiqbollar

Ishonchli signallar topilmagan hududlarda mualliflar aksionlarning fotonlar bilan oʻzaro taʼsir kuchining yuqori chegarasini hisoblashdi. Taxminan 3×10^-14 elektronvoltdagi massa uchun olingan bu koʻrsatkich mazkur diapazondagi barcha toʻgʻridan-toʻgʻri oʻlchovlar ichida eng qatʼiy natija boʻlib chiqdi. U Yevropaning CAST eksperimenti natijasidan 100 barobar aniqroq ekanligi maʼlum boʻldi.

Ushbu yondashuvning asosiy afzalligi shundaki, u uzoq galaktik klasterlardagi murakkab taxminlarga tayanmaydi, balki faqat takrorlanuvchi yer usti sharoitlariga asoslanadi. Kuzatuvlar Yer yuzasi va ionosfera orasidagi global elektromagnit tebranishlar hisoblangan Shuman rezonanslari effekti bilan yanada kuchaytiriladi. Keyingi bosqichda olimlar ushbu 65 ta nomzodni dunyoning boshqa observatoriyalari maʼlumotlari bilan tekshirib koʻrishni rejalashtirishmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar