Kung-fu ustasi robot avtomobilni pachoq qildi (video)

Kung-fu harakatlarini bajara oladigan robot avtomobilni urib, kuzovini pachoq qildi. Xavotirga o‘rin yo‘q — bu robotning nazoratdan chiqib ketgani emas, balki uning imkoniyatlarini namoyish etuvchi videodir. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Xitoyning Unitree Robotics kompaniyasi qo‘riqlash va favqulodda vaziyatlarda yordam berish uchun mo‘ljallangan H2-X Kung Fu Legend Guardian nomli odamsimon robotini taqdim etdi.
Kompaniya e’lon qilgan videoda robot avtomobil tomiga sakrab chiqishi, orqaga salto bajarib yerga tushishi, so‘ng mashina eshigiga musht va tepki bilan zarba berib, uning kuzovini shikastlashi aks etgan. Robot, shuningdek, balandlikdan sakrash, havoda aylanish va boshqa murakkab akrobatik harakatlarni ham bajargan.
H2-X'ning imkoniyatlari faqat jangovor harakatlar bilan cheklanmaydi. Taqdimot videosida robotning qurollangan hujumchiga qarshi turishi, avtohalokatda avtomobilning old qismini ko‘tarib, uning ostida qolgan odamni qutqarishga yordam berishi kabi sahnalar ham bor. Biroq bu lavhalar namoyish videosining bir qismi bo‘lib, robotning bunday vaziyatlarda mustaqil harakat qilishi hozircha tasdiqlanmagan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, robot bir marta quvvatlanganda tik turgan holatda sakkiz soatgacha ishlashi mumkin. Bu ko‘rsatkich uzluksiz kung-fu harakatlarini bajarish vaqtini anglatmaydi.
H2-X'ning narxi va sotuvga chiqish sanasi hozircha e’lon qilinmagan.






























Izohlar 0
…