Unitree Robotics: Gumanoid robotlar 2-3 yildan soʻng insonlardek mustaqil ishlay oladi

Robototexnika olami ulkan texnologik inqilob ostonasida turibdi. Unitree Robotics kompaniyasi asoschisi Van Sinxinning fikricha, yaqin ikki-uch yil ichida sunʼiy intellektga ega gumanoid robotlar rivojlanishida yangi davr — oʻziga xos "ChatGPT lahzasi" yuz beradi. Bu degani, robotlar notanish muhitda ham inson kabi mustaqil harakat qilish va murakkab vazifalarni bajarish qobiliyatiga ega boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Soʻnggi yillarda inson qiyofasidagi robotlarning rivojlanishi yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Oddiy yurish va raqs tushishdan boshlangan jarayon bugungi kunda kung-fu uslubidagi murakkab harakatlar va xizmat koʻrsatish sohasidagi ilk qadamlargacha yetib keldi. Biroq, ixbt.com maʼlumotiga koʻra, hozircha ushbu qurilmalar toʻliq avtonomlik darajasiga erishgani yoʻq.
Robototexnikadagi yangi davr
Van Sinxin taʼkidlagan GPT lahzasi robotning mutlaqo notanish sharoitga tushib qolganda ham, oldindan maxsus tayyorgarliksiz va dasturlashtirilgan ssenariylarsiz faqat ovozli buyruqlar orqali asosiy vazifalarni bajara olishini anglatadi. Bu texnologiya robotlarni cheklangan muhitdan chiqarib, real dunyoda erkin harakatlanishiga yoʻl ochadi.Hozirgi robotlarning holati bundan 30 yil oldingi shaxsiy kompyuterlar (PC) davrini eslatadi. Oʻsha paytda kompyuterlar faqat tor doiradagi mutaxassislar uchun qiziq boʻlgan boʻlsa, bugun robotlar koʻngilochar oʻyinchoq darajasidan chiqib, dasturchilar uchun sunʼiy intellekt algoritmlarini oʻrganish va takomillashtirish vositasiga aylandi.
Unitree Robotics rahbari robotlarning kelajakdagi qoʻllanish sohalari haqida toʻxtalar ekan, ularning nafaqat sanoatda, balki kundalik hayotda ham muhim oʻrin tutishini qayd etdi. Xususan:
- Uylarda taʼlim vositasi sifatida bolalarga muhandislik va sunʼiy intellekt asoslarini oʻrgatish;
- Savdo markazlari va madaniy tadbirlarda oʻziga xos muhit yaratish hamda tashrif buyuruvchilarni jalb qilish;
- Yuqori xavfli, ogʻir va bir xil takrorlanadigan ishlarni inson oʻrniga bajarish.
Uzoq muddatli istiqbolda robotlar insoniyatni ogʻir jismoniy mehnatdan xalos etib, odamlarga koʻproq ijodiy va intellektual vazifalar bilan shugʻullanish imkonini beradi. Bu esa mehnat bozorida va ijtimoiy hayotda tub burilish yasashi kutilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, Unitree Robotics — 2016-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida tashkil etilgan dunyodagi yetakchi robototexnika kompaniyalaridan biri. Kompaniya oʻzining toʻrt oyoqli robotlari (robot-itlar) va ilgʻor sunʼiy intellekt bilan jihozlangan gumanoid modellari bilan jahon bozorida mashhurlikka erishgan.






























Izohlar 0
…