Fiat Grizzly krossoveri Grande Panda modelining katta akasi sifatida taqdim etildi

Fiat kompaniyasi oʻzining yangi Grizzly modelini rasman namoyish etdi. Ushbu avtomobil Grande Panda modelining kattaroq versiyasi boʻlib, Yevropaning muhim C-segmentida brend mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi. Stellantis strategik yangilanishi doirasida koʻrsatilgan ushbu model joriy yil yakunida ikki xil kuzov turida — klassik SUV va sportnamo Fastback koʻrinishida sotuvga chiqadi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Fiat bosh direktori Olivier Françoisning taʼkidlashicha, ushbu hamyonbop oilaviy krossover brend savdo qiladigan uchta asosiy mintaqa: Yevropa, Lotin Amerikasi hamda Yaqin Sharq va Afrika bozorlari uchun moʻljallangan. Grizzly modeli Panda va Grande Panda oilasini toʻldirsa-da, u Fiat daromadlari va nufuzini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi darajadagi avtomobildir.
Yangi krossover Stellantis guruhining Smart Car platformasida qurilgan boʻlib, u Citroën C3 Aircross va Vauxhall Frontera kabi modellarga texnik jihatdan yaqin turadi. Biroq, Grizzly oʻzining raqobatchilaridan biroz yirikroq — uning uzunligi 4,5 metrgacha yetadi, C3 Aircross va Frontera esa 4,4 metrdan sal qisqaroqdir.
Texnik xususiyatlariga koʻra, Grizzly xaridorlarga Grande Panda kabi bir nechta tanlovni taklif etadi: benzinli dvigatel, gidrid tizimi va toʻliq elektr quvvati bilan ishlaydigan elektromobil versiyalari mavjud boʻladi. Bu Fiat brendining hamyonbop avtomobillar bozoridagi ulushini kengaytirish strategiyasining bir qismidir.
Shuningdek, Fiat kelajakda yana bir qator yangiliklarni rejalashtirmoqda. Ular orasida Citroën Ami bazasidagi Topolino modelidan yuqori turuvchi toʻrt oʻrindiqli mikrokar va 1980-yillardagi original Panda uslubida yaratilgan yangi shahar elektromobili bor. Ushbu hamyonbop elektromobillar Stellantis guruhining Italiyadagi Pomigliano zavodida ishlab chiqarilishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…