Buyuk Britaniya regulyatori Angliya Premer-ligasi klublarini ogohlantirdi

Buyuk Britaniya regulyatori Angliya Premer-ligasi klublarini ogohlantirdi
Audio versiyasi

Buyuk Britaniyaning moliyaviy nazorat organi (FCA) Angliya Premer-ligasi klublarini litsenziyaga ega boʻlmagan moliyaviy kompaniyalar, xususan, kripto-platformalar bilan homiylik shartnomalarini tuzishdan tiyilishga chaqirdi. Regulyatorning taʼkidlashicha, bunday hamkorliklar muxlislarni hech qanday himoyaga ega boʻlmagan xavfli investitsiya loyihalariga jalb qilmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.

FCA eʼlon qilgan rasmiy bayonotda aytilishicha, bir qator ruxsat etilmagan firmalar futbol klublari nufuzidan foydalanib, tajribasiz muxlislarni nishonga olmoqda. Nazorat organi ushbu kompaniyalar Britaniya qonunchiligini buzayotgan boʻlishi mumkinligini va ular bilan ishlovchi foydalanuvchilar barcha mablagʻlarini yoʻqotish xavfi ostida ekanini bildirdi.

Regulyator bevosita futbol klublariga maktub yoʻllab, litsenziyasiz moliyaviy hamkorlar nafaqat muxlislarga zarar yetkazishi, balki klublarning oʻzini ham huquqiy javobgarlik, pul yuvish xavfi va jiddiy reputatsiya yoʻqotishlariga duchor qilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Klublardan har bir homiyni chuqur tekshirish (due diligence) talab etilmoqda.

Hozirda koʻplab kripto-brendlar futbol bozoriga faol kirib kelmoqda. Masalan, Volvergempton Wanderers klubi bilan hamkorlik qilayotgan LAK3 Company allaqachon FCAʻning ruxsat etilmagan firmalar "qora roʻyxati"ga kiritilgan. Shuningdek, Chelsi va Manchester Siti bilan hamkorlik qilayotgan BingX hamda OKX platformalari FCA reyestrida roʻyxatdan oʻtmagani maʼlum boʻldi.

FCA 2027-yilgacha kripto-aktivlar boʻyicha qoidalarni yanada qatʼiylashtirishni rejalashtirmoqda. Regulyator chakana savdo platformalarining stadionlar va futbolkalardagi reklamalarini nazoratga olish orqali yuqori xavfli moliyaviy promoushenlarga chek qoʻyishni maqsad qilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Laylo
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

Buyuk Britaniya regulyatori Angliya Premer-ligasi klublarini ogohlantirdi – Zamin.uz, 03.06.2026