
29 may kuni mamlakatdagi eng yirik avtokonsernlardan biri — UzAuto Motors yana bir bor shov-shuvli xabar bilan chiqdi. Kompaniiya Chevrolet Malibu XL modeli uchun kontraktatsiya jarayonini soat 14:40 da qayta ochganini ma’lum qildi. Yangi imkoniyat haqidagi e’lon chiqishi bilanoq, internet orqali yuzlab xaridorlar navbatga turdi va avtomobil uchun shartnoma tuzishga urindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu galgi kontraktatsiyada har bir mijoz o‘z xohishiga ko‘ra Malibu XL'ni istagan rangda va modifikatsiyada tanlash imkoniyatiga ega edi. Bu esa avvalgi tajribaga nisbatan katta yutuq sifatida baholandi. Ammo mijozlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.
Chunki e’londan atigi 42 daqiqa o‘tib, ya’ni soat 15:22 da UzAuto Motors barcha shartnomalar yakunlanganini ma’lum qildi. Mazkur yangilik ko‘plab foydalanuvchilarda hayrat va hatto norozilik uyg‘otdi. Chunki kompaniya shartnoma sonini rasman ochiqlamadi — aynan qancha miqdorda avtomobil taqdim etilgani noma’lum bo‘lib qoldi.
Aytish joizki, UzAuto aprel oyi boshlarida Malibu modelining sotuvini to‘xtatgandi. Bu vaqtinchalik tanaffus ortidan qayta ishga tushirilgan kontraktatsiya jarayoni mijozlar tomonidan juda katta qiziqish bilan kutilayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Malibu XL'ning “yangilangan” talqini ilk marta 2023 yil mart oyida bozorga chiqarilgandi. O‘shanda kompaniya ushbu modelni 3 turli komplektatsiyada (XL 1LT – 375 mln so‘m, XL 2LT – 390 mln so‘m va XL LTZ – 419 mln so‘m) taklif qilishini aytgan. Biroq amaliyotda asosan eng qimmat — XL LTZ komplektatsiyasi sotuvda bo‘lgan.
Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda avtovozlarga yuklangan Malibu-2 avtomobillari aks etgandi. Bu holat jamoatchilik orasida yangi Malibu modellari haqida qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqargan edi. Shu munosabat bilan UzAuto Motors mazkur avtomobillar Xitoydan keltirilayotganini tasdiqlagandi.
Shu tariqa, Malibu XL'ga bo‘lgan talab yana bir bor uning mahalliy bozordagi yuqori nufuzini ko‘rsatdi. Biroq shartnomalarning shunday tez yakunlanishi va ma’lumotlar ochiqligining yetishmasligi oddiy xaridorlar uchun yana savollar tug‘dirishi mumkin.
Foto: UzAuto Motors “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar