
Great Wall Motor kompaniyasi o‘zining yangi, 2026 yil uchun mo‘ljallangan Haval Big Dog modelini rasman namoyish qildi. Mazkur yangilangan krossoverning savdosi 17 iyul kuni Xitoyda boshlanadi. Bu haqda Kursiv.media nashri xabar berdi.
Bu — avvalgi modelning qayta ishlangan va zamonaviylashtirilgan ko‘rinishi bo‘lib, asosiy e’tibor tashqi ko‘rinish va salonga qaratilgan.
Avtomobilning old radiator panjarasi yangilangan, ammo uning retro uslubdagi LED faralari saqlab qolingan. Yangi faralar 20 foizga yorqinroq. Orqa charog‘lar esa L shaklidagi yorug‘ chiziqlar bilan bezatilgan.
Avtomobil beshta rangda taqdim etilmoqda: ko‘k, yashil, oq, kulrang va qora. Tashqi yon qismida esa katta o‘zgarishlar yo‘q — to‘g‘ri burchakli kuzov, an’anaviy eshik tutqichlari va tom qismidagi yuk qafasi saqlangan.
Ichki qismda D shaklidagi yangi rul, 14,6 dyuymli markaziy ekran va Coffee OS 3 operatsion tizimiga ega. Shuningdek, 9 dyuymli HUD-displey va raqamli asboblar paneli ham mavjud.
2024 yilgi versiyadagi kabi, uning o‘lchamlari ham o‘zgarmagan — 4620×1890×1780 mm.
Haval Big Dog krossoveri ilk bor 2020 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, shu paytgacha 600 mingdan ortiq nusxada sotilgan. 2025 yil may oyigacha ketma-ket 12 oy davomida har oy 10 mingdan ortiq avtomobil savdoga chiqarilgan.
Yangi modelning narxi hozircha ma’lum emas, ammo 2024 yilgi versiyasi Xitoy bozorida $17 mingdan boshlab sotilmoqda.
UzAvtoSanoat AJ'ning ma’lum qilishicha, 2025 yilning yanvar – may oylarida O‘zbekistonda 1700 ta Haval avtomobillari sotilgan.
Yangi Big Dog nafaqat tashqi ko‘rinishi bilan, balki salondagi texnologik jihatlari bilan ham zamonaviy foydalanuvchilar ehtiyojlariga javob beradi.





Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar