Xitoyning kamida oltita yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi Yevropa bozoriga kirishishni maqsad qilgan. Ushbu kompaniyalar jihozlarni qurish yoki sotib olish orqali Yevropa bozorini zabt etishga harakat qiladi. Bu haqda «Avtostat» direktori Sergey Selikov o‘z telegram-kanalida Fransiyaning Inovev tahlil markazi ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.
BYD Vengriyaning Seged shahridagi zavodini qurishni yakunlayapti, u yerda kelgusi yilning kuzida birinchi modellar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. 2026-2027 yillarda ushbu zavodda Yevropa bozori uchun to‘rt xil model, jumladan, Dolphin Surf (B segmenti) yig‘ilishi mumkin. Kompaniyaning ikkinchi zavodi Turkiyada, uchinchisi Italiyada qurilishi mumkin.
Chery avtomobil brendi 2024 yil oxiridan Barselonadagi sobiq Nissan zavodi quvvatlaridan foydalanishni boshlagan. Hozir u yerda Ebro va Omoda modellari yig‘ilmoqda.
SAIC Group tarkibiga kiruvchi MG brendi Xitoy avtokompaniyalari orasida Yevropa bozoridagi yetakchi sotuvchi hisoblanadi. Bu kompaniya ham ishlab chiqarish maydonchasini faol qidiryapti.
Geely kompaniyasi o‘zining Smart va Polestar modellarini Yevropada aynan shu bozor uchun yig‘ishni rejalashtirgan. Vengriya, Chexiya yoki Slovakiyadan biri tanlanishi mumkin, va bu Slovakiya bo‘lishi ehtimoli kattaroq. Zavod 2028 yilda ochilishi kutilyapti.
Shuningdek, Dongfeng va Xpeng brendlari ham Yevropa bozorini zabt etishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!