Tesla Yevropa uchun arzon elektromobillarni taqdim etmoqda

Tesla Yevropa bozori uchun asosiy texnik imkoniyatlari, jumladan WLTP bo‘yicha 480 kilometrdan ortiq yurish masofasi saqlangan arzonlashtirilgan Model 3 versiyasini taqdim etdi. Narxni pasaytirish maqsadida orqa ekran va o‘rindiqlar ventilyatsiyasi olib tashlangan, rul chambaragi qo‘lda sozlanadigan qilingan, salon materiallari soddalashtirilgan va avtomobil faqat 18 dyuymli g‘ildiraklar hamda oq, qora va kulrang ranglarda taklif etiladi.
Tesla kompaniyasi talabning sekinlashishi va raqobatchilarning bosimi kuchaygan bir paytda Yevropa bozori uchun Model 3 elektromobilining arzonlashtirilgan turini namoyish etdi. Bu haqda “Reuters” agentligi ma’lum qildi.
Yangi versiya ayrim soddalashtirilgan qulayliklarga ega bo‘lganiga qaramay, asosiy texnik imkoniyatlar saqlab qolingan — WLTP standarti bo‘yicha bir marta quvvatlashda 480 kilometrdan ortiq yo‘l bosish qobiliyati o‘sha holicha qolgan.
Shu bilan birga, narxni pasaytirish uchun bir qator funksiyalar “iqtisod rejimidan” o‘tkazilgan. Xususan:
• Orqa tomondagi ekran va o‘rindiqlar ventilyatsiyasi bekor qilingan
• Rul chambaragi endi qo‘lda sozlanadi
• Salon materiallari to‘liq charm emas — mato va sun’iy charm qo‘shilmasidan tayyorlangan
• Avtomobil faqat 18 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif qilinadi
Rang tanlovi ham cheklangan: model faqat oq, qora va kulrang variantlarda sotuvga chiqadi.
Germaniyada yangi variantning boshlang‘ich narxi 37 970 yevro etib belgilagan. Solishtirish uchun, Model 3 Premium o‘sha bozorda 45 970 yevro turadi. Norvegiyada narx taxminan 32,6 ming dollar, Shvetsiyada esa 47,8 ming dollar atrofida belgilangan.
Arzonlashtirilgan Model 3’larni yetkazib berish 2026-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan. Muttaxassislar fikricha, Tesla agressiv narx siyosati orqali Yevropadagi ulushini yo‘qotmaslikka harakat qilmoqda. Chunki Volkswagen ID.3 va Xitoyning BYD Atto 3 kabi arzon raqiblar ommalashib, bozorni jiddiy bo‘lib bormoqda.






























Izohlar 0
…