Xitoyda 3,98 litr yonilg'i sarflaydigan yangi Geely Preface gibrid sedani sotuvga chiqdi

Xitoyda "Geely Xingrui i-HEV Smart Hybrid" (Xitoydan tashqarida "Geely Preface" nomi bilan tanilgan) gibrid biznes-sedanining rasmiy savdolari boshlandi. Avtomobil o'z sinfi uchun juda arzon narxda bo'lib, uning bazaviy versiyasi 96 700 yuanga baholandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Dastlabki xaridorlar uchun top versiya narxi esa 108 700 yuanni tashkil etadi.

Modelning asosiy xususiyati "Geely i-HEV Smart Hybrid" tizimi hisoblanadi. U 1,5 litrli dvigatel, elektr motor va 3 pog'onali DHT uzatmalar qutisini o'zida jamlagan.
Tizimning umumiy quvvati 313 ot kuchiga teng bo'lib, o'rtacha yoqilg'i sarfi 100 kilometrga 3,98 litrni tashkil qiladi.
Ishlab chiqaruvchining ta'kidlashicha, tizim tortishish kuchini harakat sharoitlariga moslashtira oladi. Tirbandliklarda avtomobil elektr energiyasida harakatlanadi, shaharda ketma-ket va parallel rejimlarni uyg'unlashtiradi.
Trassada to'g'ridan-to'g'ri dvigatel uzatmasidan foydalanilsa, keskin tezlashish vaqtida ikkala motor birgalikda maksimal quvvat beradi.
Avtomobil zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Salonda 10,2 dyuymli raqamli asboblar paneli va "Snapdragon 8155" chipida ishlovchi 14,6 dyuymli media tizim o'rnatilgan.
Shuningdek, 256 xil rangli yoritish, 16 ta dinamikli audio tizim, old o'rindiqlarni isitish va ventilyatsiya qilish hamda 50 vattli simsiz quvvatlash imkoniyati mavjud.
Elektronika va yordamchi tizimlar uchun "GEEA 3.0" arxitekturasi javob beradi. Haydovchiga yordam berish maqsadida 128 TOPS hisoblash quvvatiga ega "Qianli Haohan H3" tizimi o'rnatilgan bo'lib, u trassada avtopilot va aqlli to'xtash joyi funksiyalarini o'z ichiga oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!