15:15 / 16.06.2022
1 355

Ramzan Qodirov Putinning salomatligi bilan bog‘liq muammolar haqidagi xabarlarni rad etdi

Ramzan Qodirov Putinning salomatligi bilan bog‘liq muammolar haqidagi xabarlarni rad etdi
Foto: «Kommersant’»
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putin sog‘-salomat ekani, uning «ovozi tetik va komandirlarga xos» kelayotgani va u harbiy operatsiyani oxirigacha yetkazishga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozadi «Kommersant’».

Avvalroq Ukraina OAVlari Putin komaga tushib qolgani haqida yozgandi. Kreml saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, prezident 15 iyun kuni uchrashuvlar va telefon orqali suhbatlar o‘tkazgan.

«Bema’ni, behuda gaplarni o‘qib qoldim: prezidentimiz komaga tushibdi, unga o‘rinbosar qidirilyapti emish. Hafsalangizni pir qilmoqchiman. Hozirgina prezident bilan gaplashdim, uning ovozi tetik, komandirlarga xos edi. Va u maxsus operatsiyani ukrain xalqiga va davlatiga maksimal darajada ziyon yetkazmasdan yakunlashga tayyor», — dedi Ramzan Qodirov Telegram-kanaliga joylagan audioxabarida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday axborotni tarqatayotgan davlatlar «og‘izlarini yopishi kerak». «Keyin bahonalar qidirib juda noqulay ahvolga tushasiz, agar bunga vaqtingiz qolsa», — dedi Qodirov.

15 iyun kuni Vladimir Putin Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafoza bilan muloqot qildi, deyiladi Kreml saytida. U, shuningdek, XXR raisi Si Szinpin bilan ham telefon orqali muzokaralar o‘tkazgan. Muhokama mavzusi Ukraina hamda harbiy aloqalarni rivojlantirishdan iborat bo‘lgan.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov 16 iyun kuni Vladimir Putin Sankt-Peterburgga jo‘nab ketishini ma’lum qilgandi — shu kuni u bir qator tadbirlarni rejalashtirgan. 17 iyun kuni esa davlat rahbari Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida nutq so‘zlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH razvedkasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aprel oyida onkologik xastalikdan davolanish kurslarini o‘tkazgani haqida hisobot tayyorlagandi.

Vladimir Putinning sog‘lig‘ida muammolar kuzatilgani, uning onkologik kasallikka chalingani haqidagi gap-so‘zlar so‘nggi oylarda OAVda ko‘p tarqalmoqda. 2022 yil may oyida Putinning saratonga chalingani haqida rejissyor Oliver Stoun ham gapirgandi. «Proyekt» nashri Putinning shifokorlar guruhi hamrohligida yurgani, ular orasida onkologik kasalliklar va qalqonsimon bez muammolari bo‘yicha mutaxassislar ham borligi haqida yozgan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov may oxirida «aqlli odamlar» Putinda qandaydir xastalik yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni ko‘ra olmasligi haqida bayonot bergan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ramzan Qodirov Putinning salomatligi bilan bog‘liq muammolar haqidagi xabarlarni rad etdi