23:32 / 27.07.2022
2 127

Antonov ko‘prigi yana HIMARS’dan o‘qqa tutildi. RF armiyasi uchun muhim o‘tish yo‘li yopildi

Antonov ko‘prigi yana HIMARS’dan o‘qqa tutildi. RF armiyasi uchun muhim o‘tish yo‘li yopildi
Xerson ko‘prigi, 20 iyul. Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS
Ukrain harbiylarining navbatdagi zarbalaridan keyin Dnepr daryosi ustidan o‘tgan Antonov ko‘prigi bo‘ylab Xerson tomon harakatlanish butunlay to‘xtatib qo‘yildi. Bu strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prikdir. Ukraina tomoni bu zarbalar «zargarona» amalga oshirilganini ma’lum qildi.

27 iyulga o‘tar kechasi ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ko‘prik yoppasiga o‘qqa tutilgani haqida videolar va xabarlar tarqala boshladi. O‘shanda rossiyaparast hukumat ko‘prik shikastlanmaganini ma’lum qilgandi. Endi ular ko‘prik ta’mirga muhtoj ekanini tan olishmoqda.

«Ko‘prikka zarbalar kelib tushgan, ammo u butkul vayron bo‘lmagan. Teshiklar ko‘paygan», degan Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan «yangi hukumati» vakili Kirill Stremousov TASS muxbiriga bergan intervyusida.

Uning qayd etishicha, ukrain harbiylari turli artilleriya tizimlari, jumladan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali 10 dan ortiq snaryad yo‘llagan, go‘yoki ularning bir qismi Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi orqali to‘xtatib qolingan.

Tongda Ukraina tomoni ham ko‘prikka yo‘llangan zarbalar bo‘yicha ma’lumot berdi. «Bizning artilleriyamiz ishi shunchalik puxta va zargarona bo‘ldiki, bu raqib qo‘shinining ruhini tushiradi. Chunki Antonov ko‘prigiga zarbalar berildi. Va bu zargarona amalga oshirildi», dedi «Janub» qo‘mondonligi matbuot xizmati rahbari Natalya Gumenyuk teleefirda.

Mazkur ob’ektning strategik ahamiyati shu bilan izohlanadiki, bu Xersonni Dneprning chap sohili, shuningdek Rossiya harbiylari tomonidan fevral oyidayoq egallab olgan boshqa hududlar bilan bog‘lovchi asosiy ko‘prikdir. Agar u vayron etilsa, armiya ta’minoti ishdan chiqadi, bu esa Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida hujumga o‘tishga tayyorlanayotgani fonida yanada muhim.

Stremousov Antonov ko‘prigiga navbatdagi hujumlar harbiy harakatlarning borishiga ta’sir qilmasligi, rossiyalik harbiylar qo‘shimcha o‘tish yo‘llari tashkil etayotganini aytgan.

«Ko‘prikka o‘t ochayotganlar Xerson oblasti aholisi hayotini qiyinlashtirmoqda. Bu harbiy harakatlarning borishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi», deya ishg‘oldagi ma’muriyat vakili so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Kiyev mamlakat janubida qarshi hujum boshlash haqida bayonot berishi ortidan Antonov ko‘prigi kamida ikki marta intensiv ravishda o‘qqa tutildi.

Birinchi hujum 10 iyul kuni amalga oshirilgandi. Rossiya tomoni zarbalar Amerika tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali yo‘llangani haqida ma’lum qilgan, bunday qurol yetkazib berilishi Ukrainadagi harbiy harakatlarga sezilarli darajada o‘zgarish kiritdi. Ikkinchi bor - 20 iyul kuni zarba berildi. Shundan keyin ishg‘oldagi hukumat rasmiylari ko‘prikni ta’mirlashni boshlash uchun yuk mashinalari harakatini cheklashiga to‘g‘ri kelgandi.

VVS News Ukraina muxbirlari iyun oyi oxiridan iyul oyi boshigacha bo‘lgan muddatda Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaning bosib olingan hududlarida joylashtirgan o‘ndan ortiq o‘q-dori omborlari va bazalariga zarbalar berilganini hisoblab chiqishgan. Rossiya mudofaa vazirligi va Ukraina bosh shtabi bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.

Ukraina rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari mamlakatga 23 iyun kuni yetib kelgan. Mobil raketa qurilmalari 70-80 km masofadagi nishonga aniq borib tegishi mumkin (maxsus raketalar qo‘llanganda esa - yetish masofasi 300 kilometrni tashkil etadi).

Antonov ko‘prigi - Xerson rayonidagi Antonovka posyolkasini Dneprning chap sohilidagi Aleshki shahri bilan bog‘lovchi avtomobil va piyodalar o‘tish ko‘prigidir. U 1985 yilda foydalanishga topshirilgan, ko‘prik uzunligi - 1 366 metr, kengligi - 25 metrni tashkil etadi. Ekspertlar fikricha, bunday yirik ob’ektlarni raketa zarbalari bilan qulatish juda qiyin. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Antonov ko‘prigi yana HIMARS’dan o‘qqa tutildi. RF armiyasi uchun muhim o‘tish yo‘li yopildi