
Foto: TASS
9 avgust kuni tushdan keyin Qrimning Saki rayonidagi Novofedorovka kurort posyolkasida davomli portlashlar kuzatildi. Mahalliy aholi vakillari Reuters muxbiriga rossiyaliklarning harbiy aviabazasi tomonda quyuq tutun ko‘tarilgani haqida xabar berishdi.
Rossiya mudofaa vazirligi soat 15:20 atrofida Novofedorovka hududidagi «Saki» aerodromida aviatsiya o‘q-dorilari saqlangan maydonda detonatsiya (portlashlar) bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Mudofaa vazirligi portlashlar oqibatida hech kim jabrlanmagani, aerodromdagi aviatsiya texnikalariga shikast yetmaganini ta’kidlagan.

«Yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish va portlash sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda. Voqea joyidan berilgan hisobotga ko‘ra, aerodromdagi o‘q-dorilar saqlanadigan maydonga hech qanday zarba kelib tushmagan», deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi xabarida.
Rossiya nashrlari Novofedorovkada bir necha portlashlar ro‘y bergani haqida yozmoqda. Guvohlar Mash muxbiriga har daqiqada «snaryadlar detonatsiyasini eslatuvchi ovozlar» eshitilib turganini aytgan. «Kommersant» gazetasi Novofedorovka ma’muriyatidagi manbaga asoslanib Qrimdagi Saki harbiy aerodromiga va o‘q-dorilar omboriga hujum qilingani to‘g‘risida xabar bergan. Gazeta dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra uchish-qo‘nish polosasidagi o‘q-dorilar omborida yong‘in boshlanganini xabar qilgan. RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan esa manbaga havola bermagan holda «voqea joyidagilar, bu raketa zarbasi emas, balki diversiya harakati oqibati deb o‘ylayotgani» haqida yozgan.

Qrimning Saki rayonida evakuatsiya e’lon qilingan. Rasmiylar Novofedorovka atrofida besh kilometr masofada xavfsizlik zonasi tashkil etib, atrofni o‘rab olgan.
Qrim rahbari Sergey Aksenovning so‘zlariga ko‘ra, atrof mahalliy aholi jabrlanishining oldini olish maqsadida o‘rab olingan, yo‘l harakati politsiyasi brigadalari va piyoda patrullar ishlamoqda.
TASS Novofedorovkadagi portlash oqibatida besh kishi jarohat olganini, ulardan biri 13 yoshli bola ekanini ma’lum qildi. Qrim favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yaradorlardan biri jarrohlik amaliyotiga yuborilgan.
Sergey Aksenov Novofedorovkadagi portlashlar oqibatida bir kishi halok bo‘lganini aytdi. U butun rayon bo‘ylab evakuatsiya ishlari amalga oshirilmayotgani, faqat harbiy aerodromga juda yaqin joylashgan uylar aholisi ko‘chirilayotganini ta’kidlagan.
Ukraina tomoni hozircha bu borada rasmiy izoh bermadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar