10:36 / 26.08.2022
1 365

«Ozodlikda bo‘lganlarning so‘nggisi» – sobiq mer va muxolifatchi Yevgeniy Royzman haqida

«Ozodlikda bo‘lganlarning so‘nggisi» – sobiq mer va muxolifatchi Yevgeniy Royzman haqida
Foto: Vladimir Podoksenov / URA.RU / AP / Scanpix / LETA
Yekaterinburgning sobiq meri Yevgeniy Royzman Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan keyin mamlakatni tark etmagan va ozodlikda qolgan muxolifatchi siyosatchilardan biri edi. 24 avgust kuni unga nisbatan Rossiya qurolli kuchlarini «obro‘sizlantirish» aybi bilan ish ochilgani va politsiya uyiga tintuv uchun kelgani ma’lum bo‘ldi.

13 iyul kuni Yevgeniy Royzman Twitter sahifasida muxolifatchilar Ilya Yashin, Vladimir Kara-Murza va Andrey Pivovarov bilan birga tushgan suratini joylashtiradi. «Birgina men ozodlikdaman», deb yozgandi u.

Bu vaqtga kelib, Yashin va Kara-Murza «armiya haqidagi feyk xabar tarqatish» ishi bo‘yicha hibsga olingan, Pivovarov ustidan esa «nomaqbul tashkilot» bilan hamkorlik qilgani bo‘yicha hukm chiqarilishi arafasida edi.

Ushbu tvitdan bir oydan ortiq vaqt o‘tib, 24 avgust kuni ertalab niqobli politsiya va maxsus kuchlar xodimlari sobiq merning uyini tintuv qilish uchun borishdi, keyin uni olib ketishdi.

«Rossiyada qolgan, urushga va Putinga qarshi bo‘lgan so‘nggi taniqli siyosatchi qo‘lga olindi», deya izoh berdi Navalniyning safdoshi Ivan Jdanov.

Yevgeniy Royzmanning Twitter sahifasidan
Siyosatchiga nisbatan «Rossiya Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Ushbu yangi modda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Duma tomonidan tasdiqlangandi. Jinoyat ishi aynan shunday xatti-harakatlar uchun ma’muriy javobgarlika tortilgandan keyin ochiladi.

Giyohvandlikka qarshi kurashchi

Yevgeniy Royzman 1962 yilda Yekaterinburgda tug‘ilgan. Otasi Uralmashzavodda energetik, onasi bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlagan. Uning bobosi va buvisi Ukrainadan Uralga ko‘chib borishgandi.

Royzmanning o‘zi ko‘plab intervyularida yomon o‘qigani va bir necha marta maktabni almashtirganini aytadi. O‘smirlik chog‘ida u otasi bilan janjallashib, oilani tark etgan. Keyinchalik koloniyaga tushib qolgan: 17 yoshiga yetar chog‘ida o‘g‘irlik, firibgarlik va sovuq qurolni noqonuniy saqlashda ayblanib, shartli ravishda jazoga tortilgan. Ammo jazo shartlarini buzgani sababli, shartli hukm haqiqiy hukmga aylangan.

2017 yilda bergan intervyusida Royzman o‘zining jinoiy o‘tmishi siyosiy ambitsiyalariga xalaqit bermaganini aytdi. «Aksincha, yordam beradi. Men Davlat dumasi deputati bo‘ldim, oblast qonunchilik kengashida ishladim, shahar rahbari bo‘ldim va hech qachon [qamalib chiqqanimni] yashirmadim», deb hazillashdi u.

Ozodlikka chiqqach, Royzman «Uralmash» zavodiga chilangar bo‘lib ishga kiradi va u yerda bir yilga yaqin ishlaydi. «Uralmash» jinoiy guruhi rahbarlaridan biri Aleksandr Xabarov bilan do‘stlashib qoladi.

Keyingi yillarda tanqidchilar Royzmanning uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqasi borligini muntazam ravishda eslab turishdi. 2013 yilda, Yekaterinburg meri saylovidan oldin «Pyatiy kanal» ushbu mavzuga bag‘ishlangan dasturni chiqardi. Shundan so‘ng, Sverdlovsk prokuraturasi dasturda aytilgan faktlar tekshirilishini ma’lum qildi. Royzman esa ko‘rsatuv muallifini sudga berdi.

O‘tgan asrning 80-yillarida Royzman Ural davlat universitetida tarixchi-arxivchi mutaxassisligi uchun o‘qishni boshlaydi. Ammo faqat 2000-yillar boshida universitetni tugatdi. Bo‘lajak siyosatchi she’rlar yozdi, ular «samizdat» va adabiy jurnallarda nashr etildi. So‘ngra tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshladi va zargarlik biznesini ochdi.

1999 yilda u «Gorod bez narkotikov» jamg‘armasi asoschilaridan biri (keyinchalik prezidenti) bo‘ldi va Rossiya miqyosida taniqli shaxsga aylandi. Jamg‘arma ishi siyosatchi faoliyatidagi eng bahsli epizod bo‘lib qolmoqda.

«Biz o‘sha paytdagi barcha norasmiy yetakchilarni birlashtirdik. Biz bu muammo barchaga taalluqli ekaniga, oyoqqa turish lozimligiga ularni ishontirdik. Aslida bu giyohvand moddasi sotuvchilariga qarshi xalq qo‘zg‘oloni edi», degan Royzman.

Jamg‘arma asoschilari giyohvandlikka qarshi kurashda har doim ham qonuniy yo‘llarni ishga solmagani va giyohvandlarni reabilitatsiya qilishning g‘ayriinsoniy usullaridan foydalangani uchun ko‘p marta tanqid qilingan. Xodimlar esa giyohvandlikka chalinganlarni reabilitatsiya markazlarida tashqi dunyodan ajratilgan holda va tibbiy yordam ko‘rsatmasdan saqlab turish, ularni o‘g‘irlash va noqonuniy ushlab turishda ayblanib, sudlangan.

2003 yilda maxsus kuchlar «mijozlarga nisbatan qo‘pol muomala qilinayotgani»ni tekshirish bahonasida «Gorod bez narkotikov» reabilitatsiya markazlariga bostirib kiradi.

Royzmanning o‘zi jamg‘arma qo‘llagan usullarni asosli deb hisoblaydi. Siyosatga kirishiga aynan shu narsalar turtki bo‘lganini aytadi: «Hech qachon siyosatga intilmaganman. Men bu vositalar qudratini ma’lum bir vaqtgacha tushunmaganman. Siyosatga aniq maqsad bilan qadam qo‘ydim – qamalmaslik, jamg‘armani saqlab qolish va ishimni yakson qilmasliklari uchun».

Siyosatchi va Yekaterinburg meri

Foto: ANTON BUTSENKO/TASS
2001 yilda Royzman o‘sha paytdagi Sverdlovsk oblasti gubernatori Eduard Rosselning maslahatchisi bo‘ladi. 2003 yilda Davlat dumasi saylovida mustaqil nomzod sifatida qatnashadi va oxir-oqibat deputat bo‘ladi. Dumada Royzman xavfsizlik qo‘mitasida ishlagan va hukumat qoshidagi giyohvand moddalarga qarshi kurash komissiyasi a’zosi edi.

2006 yilda Royzman Sergey Mironov va uning «Rossiyskaya partiya jizni» tuzilmalari bilan ishlay boshlaydi. Siyosatchi partiyaning Sverdlovsk bo‘limiga rahbar bo‘ladi. Keyin u yangi tashkil etilgan «Spravedlivaya Rossiya» partiyasiga qo‘shiladi.

Partiya Royzman nomzodini Duma sayloviga qo‘ymoqchi edi. Ammo keyinchalik Mironov uni nomzodlar ro‘yxatidan chiqarib tashlaydi. Royzmanning ta’kidlashicha, Mironov bu qarorni bosim ostida qabul qilganini aytgan.

Shundan keyin Royzman bir necha yil siyosatda faol ishtirok etmaydi. Ammo 2011 yilda milliarder Mixail Proxorovning taklifiga binoan «Pravoye delo» partiyasiga qo‘shiladi. Biroq, bir necha oydan keyin uni mojaroli tarzda tark etdi.

Rejaga ko‘ra, Royzman partiya ro‘yxatiga kiritilib, Dumaga deputat bo‘lishi kerak edi. Biroq, matbuotda Kreml bunga qarshi ekani haqida xabarlar tarqaldi. Mojaro natijasida Proxorov partiya rahbarligidan chetlatildi va Royzman bilan birga uni tark etdi.

Keyinchalik, Royzman prezident saylovida Proxorovning ishonchli vakili bo‘ldi. So‘ngra u asos solgan «Grajdanskaya platforma» partiyasiga qo‘shildi. 2013 yilda partiya uni Yekaterinburg meri sayloviga nomzod qilib ko‘rsatdi. Royzman 33,31 foiz ovoz to‘plab, saylovda yutib chiqdi. Uning asosiy raqibi, «Yedinaya Rossiya» partiyasi vakili, Sverdlovsk oblasti vitse-gubernatori Yakov Silin 30 foizdan kamroq ovoz to‘pladi.

Saylanganidan keyin Royzman muxolifatdagi kam sonli merlardan biri hisoblangan. U Aleksey Navalniyning mitinglariga va boshqa namoyishlarga borgan, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosatini tanqid qilgan. Mer kabinetida Vladimir Putinning an’anaviy fotosurati yo‘q edi, lekin Iosif Brodskiyning portreti bor edi.

Mer bo‘lgach, Royzman «Gorod bez narkotikov» ishida ishtirok etishdan voz kechdi, bundan tashqari, jamg‘arma rahbariyati bilan janjallashdi. Shuningdek, Royzman «Grajdanskaya platforma»dan ham ketadi.

Yekaterinburg meriyasidagi «Royzman davri»ning o‘ziga xos belgilaridan biri – shaxsiy qabul edi. U haftada bir marta o‘z kabinetida fuqarolarning murojaatlarini qabul qilgan.

Ammo uning o‘zi aholi muammolarini yechish uchun vakolati har doim ham yetarli emasligini tan olgan. Aslida, shaharda ikki hokimiyat bor edi: Royzman vakillik vazifasini bajarib, shahar dumasini boshqargan bo‘lsa, operativ boshqaruv siti-menejerga yuklatilgandi.

2015 yilda oblast deputatlari hatto shahar rahbari lavozimini bekor qilishga harakat qilishadi – go‘yo shaharning ikkita rahbari vakolatlari o‘rtasida chalkashliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun. Ammo gubernator Yevgeniy Kuyvashev bu qarorni bekor qildi va Royzmanning vakolatlari tugaguniga qadar taqiq qo‘ydi.

Siyosatchi 2017 yilda Sverdlovsk oblasti gubernatori saylovida ishtirok etishga urindi, ammo munitsipal filtrdan o‘ta olmagani uchun tezda poygadan chiqdi.

2018 yilda Kuyvashev Yekaterinburg merining to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovini bekor qiluvchi qonun loyihasini oblast dumasiga taqdim etdi. Loyiha, shahar aholisining noroziligiga qaramay, qabul qilindi. Yangi qonunga ko‘ra, shahar rahbari ma’lum bir komissiya tomonidan tanlangan nomzodlar orasidan saylanadigan bo‘ldi.

Royzman buni «aholini aldash va shahar manfaatlariga xiyonat qilish» deb atadi va iste’foga chiqdi.

24 avgust kuni politsiya Royzman uyida tintuv o‘tkazganidan keyin, hozir ham gubernator bo‘lib ishlayotgan Kuyvashev kutilmaganda uni qo‘llab-quvvatladi: «Men Yevgeniy Royzman bilan doim og‘ir munosabatda bo‘lganman. Biz siyosiy muxolif bo‘lganmiz va hozir ham shunday. Lekin qonun hamma uchun bir xil. Har qanday inson singari u ham adolat va hurmatga loyiqdir. Umid qilamanki, unga adolat qilinadi».

Royzmanning tan olishicha, Kuyvashev bilan raqobati shaxsiy xususiyatga ham ega bo‘lgan. Bu siyosatchilarning Znak.com nashri asoschisi (urush boshlanganidan keyin faoliyatini to‘xtatgan) jurnalist Aksana Panova bilan munosabatlariga tegishli. Panova Royzmanning ikki farzandining onasi. Hammasi bo‘lib uning to‘rt qizi va bir o‘g‘li bor.

Mer lavozimidan ayrilganiga qaramay, Royzman Yekaterinburg aholisi bilan «shaxsiy qabul» formatidagi uchrashuvlarni davom ettirdi. Ammo o‘zining xayriya jamg‘armasi formatida.

Tarixchi va filantrop

Foto: Getty Images
Yevgeniy Royzman xayriya faoliyatini 90-yillarda boshlagan – Sverdlovsk oblastidagi og‘ir ahvolda qolgan bir necha bolalar uyini qo‘llab-quvvatlagan.

2015 yilda mer saylovlarida g‘alaba qozongach, Royzman o‘z nomi bilan atalgan jamg‘armaga asos solgan va «og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan odamlarga yordam bera boshlagan».

Xususan, jamg‘arma Yekaterinburgda birinchi hospisni ishga tushirishda ishtirok etgan. U o‘ta og‘ir kasal bolalarning ota-onalari bilan ishlamoqda va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, Sverdlovsk oblastidagi xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Royzman o‘z jamg‘armasi nomidan umurtqa mushak atrofiyasi (UMA) bilan xastalangan bolalarga faol yordam beradi. Shu yilning fevral oyida krasnodarlik to‘rt yoshli Mark Ugrexelidze voqeasi ommaviy axborot vositalarida tarqalgandi. Royzman jamg‘armasi uning faol ishtirokida dunyodagi eng qimmat dori bo‘lgan «Zolgensma» uchun bolaga 121 million rubl yig‘ishga yordam berdi.

Royzman o‘zini siyosatchi yoki hatto xayriyachi emas, balki «tarixchi va tadqiqotchi» deb ataydi. «Bu mening asosiy, ko‘p yillik va doimiy mashg‘ulotim», deydi muxolifatchi.

1999 yilda Royzman «Nevyanskaya ikona» deb nomlangan birinchi xususiy ikonalar muzeyiga asos solgan. Unda 700 dan ortiq eksponat to‘plangan.

Foto: DONAT SOROKIN/TASS
Royzman jinoiy javobgarlikka tortilganiga qaramay, gubernator Kuyvashev «ikona muzeyi saqlab qolinishi va ishini davom ettirishi»ga umid bildirdi.

Internet fenomeni

Royzmanning uyiga politsiya borganida Twitter’ning rus segmentida «uning qo‘lidan telefonni olib qo‘ymaslik» haqida hazilomuz chaqiriqlar yangradi. Royzmanning Twitter akkauntida 630 mingdan ortiq obunachi bor (Ilya Yashin yoki Ivan Jdanov kabi boshqa taniqli muxolifatchilardan bir necha barobar ko‘p).

Siyosatchi o‘zining keskin munozara uslubi, ba’zan behayo so‘zlarga o‘tib ketishi bilan tanilgan. U tez-tez davlatga tegishli OAV akkauntlariga javob yozadi va jurnalistlarning o‘zini ham, Rossiya rasmiylarini ham ayamay tanqid qiladi.

O‘tgan yillarda Yekaterinburgning sobiq meri turli ijtimoiy tarmoqlarda taqiqqa ham uchragan edi: masalan, raqibini «eshak» deb atagani uchun Facebook tomonidan vaqtincha bloklangan.

2020 yilda Rossiya TIV Aleksey Navalniyning zaharlanishi sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagandi. Navalniyning o‘zi bu xabarga hazilomuz tarzda izoh berdi.

«Bu yerda, albatta, men emas, balki Yevgeniy Royzman izoh berishi kerak. Bunday holatlar uchun unda bir nechta keng ma’noli iboralar bor», degandi u.

Avgust oyi boshida Twitter Royzmanning yangi tvitlar yozish imkoniyatini vaqtincha cheklab qo‘ydi.

«Propaganda men uchun haqoratli. Birinchidan, ular meni ahmoq deb hisoblashadi. Ikkinchidan, ular meni yolg‘onchi deb haqorat qilishadi. Men bunga munosabat bildiraman. Men bitta replay bilan yangilikni mashhur qilishim va unga butunlay boshqa ma’no berishim mumkin», deb tushuntirdi u ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini.

May oyida Royzman hukumatga nisbatan «hurmatsizlik» qilgani uchun 85 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgandi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Ukrainaga qarshi «maxsus harbiy amaliyot» Qo‘shma Shtatlarning to‘liq hukmronlik qilishga bo‘lgan harakatlariga chek qo‘yishi kerak», deganida, Royzman «Buning uchun o‘z mamlakatingizni devorga urib, yo‘q qilmoqchimiz?» deb yozgandi.

Ertalabki tintuvdan oldin Royzman yuborishga ulgurgan so‘nggi yozuvlardan biri «Chiqindixonadan kimningdir ovozi eshitilyaptimi...» degan tvit edi. U anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksyonovning bayonotidan iqtibos keltirgan «Gazeta.RU» akkaunti tvitiga shunday munosabat bildirdi.

23 avgust kuni «Interfaks» nashri «Rossiya bu yil sayra balig‘isiz qolishi mumkin»ligi haqida yozgan edi. Royzman bu xabarga «Siz Sahroyi Kabirda ham qumsiz qolar edingiz», deb izoh berdi.

Ko‘pchilik Royzmanning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasi tufayli jinoiy javobgarlikka tortilishidan ogohlantirganiga qaramay, u Rossiyani tark etishdan bosh tortgandi.

Uyidagi tintuvdan bir yarim hafta oldin bu haqda shunday deb yozgandi: «Men shu yurtga bog‘langanman, shu yerda tug‘ilib, ulg‘ayganman. Bu yerdan bir millimetr ham qimirlamayman. Nega endi qochishim kerak? O‘z vatanimni sevaman, barcha xavf-xatarni tushunaman, lekin men bu yerdan keta olmayman, chunki bu qochish bo‘ladi. Buni o‘zimga ravo ko‘rmayman».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Ozodlikda bo‘lganlarning so‘nggisi» – sobiq mer va muxolifatchi Yevgeniy Royzman haqida