Foto: Reuters
Rossiyalik siyosatchi Yevgeniy Royzman o‘zi yashaydigan uyda qo‘lga olindi. Unga nisbatan urush davrida qo‘llash urf bo‘lgan Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish ayblovi ilgari surilgandi. Yekaterinburg shahri sobiq merining qo‘lga olinishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ammo u qamoqdan qutulib qoldi.
Yekaterinburgdagi uyidan OMONchilar tomonidan olib chiqib ketilayotgan Royzman «Bir og‘iz gapim – Ukrainaga bosqin, deganim uchun ish ochishdi. Bu haqda avval ham aytganman, hozir ham aytaman», deyishga ulgurdi.
Royzman rossiyalik siyosatchilar orasida urushga qarshi ekanini aytganlardan eng mashhuri edi. Qo‘shimchasiga Yekaterinburg sobiq meri urushga qarshi chiqib ozodlikda qolayotgan kam sonli rossiyalik mashhurlardan biri bo‘lib turgandi. Bu haqda Royzmanning o‘zi ham gapirgan va qo‘lga olingan hammaslaklari bilan suratni sahifasiga joylab, «Birgina men ozodlikdaman», deb yozgandi.
Ilya Yashin qo‘lga olingach, aynan Royzman Rossiyada bo‘laturib ozodlikda qolgan muxolif kayfiyatdagi eng mashhur rossiyalik bo‘lib turgandi. Jurnalist Yashin ham Rossiya armiyasi haqida feyk ma’lumot tarqatish ayblovi bilan qo‘lga olingan va unga 10 yillik qamoq jazosi xavf solmoqda.
Rossiya armiyasi haqida feyk xabar tarqatish va Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish kabi ikki modda mamlakat jinoyat kodeksiga urush boshlangandan keyin kiritildi. Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish bo‘yicha ayblov xuddi shu mazmundagi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan qoidabuzarlik takroran amalga oshirilganda qo‘llanadi.
May oyida Royzman Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga murojaati uchun 85 ming rubl jarimaga tortilgan. O‘shanda Lavrov «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) AQSHning mutlaq gegemonligiga chek qo‘yadi, degandi. Royzman esa bu gap haqida «Shuning uchun o‘z mamlakatingizni yakson qilishga qaror qildingizmi?» deya savolli tvit yozgandi.
Tonggi soat oltida
Kuchishlatar tuzilmalar xodimlari Yevgeniy Royzmanning fondi ofisi yonida. 2022 yil 24 avgust
Reuters / Scanpix / LETA
Yevgeniy Royzmanga nisbatan chindan Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish ayblovi bilan jinoiy ish ochildi. Tongda soat oltida Yekaterinburgdagi uyida qo‘lga olingan Royzman tezda Moskvaga olib ketildi va 48 soatga qamoqqa olingani ma’lum qilindi.
Royzman 2013 yildan 2018 yilgacha Yekaterinburg shahri meri lavozimida ishlagan. 2003 yildan 2007 yilgacha Dumaga «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan deputatlikka saylangan ham. Royzman ushbu partiya rahbari Sergey Mironov bilan ham urush masalasida tortishib qolgan.
Qanday munosabat bildirishmoqda?
Qamoqda qolayotgan Ilya Yashin Royzmanning qo‘lga olinishini sharmandali holat deb atadi.
«Royzmanni qo‘lga olish uchun butun boshli otryad boribdi, hatto motorli arra bilan. Qanday sharmandalik», degan huquq faoli Marina Litvinovich.
Jurnalist Dmitriy Kolezevning aytishicha, Yekaterinburgdagi Royzman yashaydigan uy atrofini zobitlar o‘rab olgan, hatto atrofdagi boshqa uylarda ham ularni ko‘rish mumkin. Royzmanning uyi tomonga olib boradigan piyodalar yo‘lakchasidan ham odamlarni o‘tkazishmagan.
Royzmanning o‘zi uyidan chiqib ketayotganda bir og‘iz gapi uchun ish ochishganini aytdi. «Ukrainaga bosqin, deb aytgandim. Shu uchun ish ochishdi», dedi siyosatchi.
Amaldagi siyosatchilar orasida ham Royzmanni qo‘llayotganlar topiladi. Sverdlovsk oblasti gubernatori Yevgeniy Kuyvashev Royzman bilan munosabati yaxshi bo‘lmasa-da, hurmat va adolatga munosib ekanini aytdi. «Yevgeniy Royzman bilan munosabatlarimiz doim murakkab bo‘lgan. Biz o‘zaro muxolif insonlar edik va hozir ham shunday. Ammo qonun ishlashi kerak. Royzman mamlakatdagi har qanday boshqa odam kabi hurmat va adolatga munosib. Umid qilamanki, shunday bo‘ladi ham», dedi Kuyvashev.
«Bo‘layotgan ishlarda ishtirok eta olmayman»
Royzman rossiyalik jurnalist Katerina Gordeyevaga shov-shuvli intervyu bergandi. Unda ayniqsa urush haqida Rossiya rasmiy pozitsiyasiga zid fikrlarni bildirgan.
«Agar 2018 yilda gubernatorlikdan ketmagan va hozirda ham ishlayotgan bo‘lganimda o‘z ixtiyorim bilan ishdan bo‘shagan bo‘lardim, chunki bo‘layotgan ishlarda jismonan ishtirok etishni istamayman.
Mendan nega hamon Rossiyadasiz, deb so‘rashadi. Nega ketishim kerak? Men shu yerda tug‘ilib o‘sganman, shu zaminga bog‘langanman. Vatanimni sevaman va bir qarich ham hech qayerga siljimayman. O‘zimga nisbatan xatar borligini his qilaman, ammo Rossiyada ketmayman. Bu qochish bo‘ladi», degandi u.
«Vatanim qilgan ishdan yuragim og‘riyapti»
Boshqa bir intervyusida Royzman Rossiya qilayotgan ishlardan oddiy rossiyalik sifatida yuragi og‘rishini aytgandi.
«Mening davlatim nima qilayotganini juda yaxshi tushunib turibman. O‘zimni bilvosita bo‘lsa ham buning ishtirokchisi deb his qilyapman. Bundan yuragim og‘riyapti, uyalyapman. Atrofimda bu tushunarsiz urushni qo‘llaydigan hech kim yo‘q. Esi joyida bo‘lgan hamma urush boshlanganda boshini changallab qoldi. Bu qo‘rqinchli va juda og‘riqli ekanini his qildi. Eng yomoni esa hech nima qila olmasligingni his qilgandagi chorasizlikdir», degandi siyosatchi.
Royzman Ukrainada ko‘p vaqt bo‘lgani, hech qanday millatchilikka guvoh bo‘lmaganini ham aytgan.
«Men Ukrainaning bu burchagidan narigi burchagigacha aylanib chiqib, birorta millatchi ko‘rmaganman. Rus tili bilan hech qanday muammo sezmaganman, hamma bilan ruscha gaplashganman. Ukrainada bu masalada nafaqat mojaroli holat, balki noqulay holatga ham tushmaganman. Poytaxt Kiyevda ko‘pchilik ruscha gaplashardi. Shunday ekan, millatchilik haqida gaplar men uchun shunchaki ertak. Men haqiqiy millatchilar qayerda ekanini yaxshi bilaman», degandi u.
Royzmanning fikricha, Rossiya urushga tayyorlanishni 2004 yildayoq boshlab yuborgan.
«Mamlakat etiklarini kiyishni 2004 yildayoq boshlagandi, hech ikkilanishsiz, buni sezganman. Nimada sezilgan? Ko‘p harakatlarda, masalan, sovet filmlarini qayta qo‘ya boshlashganda. Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabadan tuzumning xizmatida foydalana boshlashdi. Qisqasini aytganda, barchaning ongini shu narsaga yo‘naltirish harakati boshlangandi», deydi u.
Royzman urush boshlangan vaqtda nimalarni his qilgani haqida shunday degandi: «Boshqa mamlakatda uyg‘ondim, degan balandparvoz ibora aynan shu holatda o‘z ma’nosida ishlatilishi mumkin edi. Mantiqan olganda, urush bizgacha ham kelishi mumkin. Urushning natijasi qanday bo‘lishini bilmayman, lekin u yerda (Ukrainada) hech kim taslim bo‘lmasligini bilaman. Bilmayman, bizga yana imkon beriladimi yoki yo‘qmi, ammo biz vatanimiz ozod va asosiysi quvnoq bo‘lishiga harakat qilishimiz lozim».
Uydan topilgan tashrif qog‘ozlari
Tarmoqda Royzmanning uyida topilgan tashrif qog‘ozlari haqida ma’lumotlarga e’tibor qaratib hazil qilishmoqda. Rossiya saytlarida tintuv paytida siyosatchining uyidan xorijiy diplomatlarning tashrif qog‘ozlari topilgani haqida yozishdi. Xususan, Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Igor Smeshkoning tashrif qog‘ozi. Ammo bu ma’lumotlar tasdiqlangani yo‘q.
Sud
25 avgust kuni Moskvada Royzman ustidan sud jarayoni boshlandi. Jarayonni yoritish uchun sud zaliga juda ko‘p OAV vakillari bordi va Royzman sud zaliga o‘tayotganda uni olqishlar bilan kuzatib qo‘yishdi. Qafasda turib Royzman inson uchun eng katta boylik erkinlik ekanini aytdi.
Sudda ishtirok etgan tergovchi Royzmanga qarshi ish urushga qarshi ekanini aytgan video uchun ochilganini aytdi. Tergovchi Royzmanda xorij pasporti bo‘lgani sabab u yashirinishi xavfi borligiga e’tibor qaratdi. Siyosatchiga nisbatan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin edi. Tergovchi Royzmanni qamoqqa yuborishni emas, faqat ba’zi harakatlarni cheklashni so‘radi.
Odatda bunday modda bilan ayblanayotganlar qamoq jazosiga hukm qilinayotgandi, ammo Royzmanning ishida sudya siyosatchini sud zalidan ozod qilishga hukm chiqardi. Tergovchi so‘ragan cheklovning ba’zilari tasdiqlandi, ba’zilari esa yo‘q. Xususan, tergovchining Royzman faqat soat 23:59 dan 00:00 gacha uyidan chiqishi mumkinligi borasida talabi rad etildi. Ammo unga jamoat joylariga borish, jinoiy ishdagi guvohlar bilan gaplashish, internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi.
Siyosatchi o‘ziga qo‘yilgan cheklovlarni to‘liq tushunmagani, bu borada advokati bilan gaplashishi kerakligini aytdi. Royzmanning advokati Vladislav Idamjapov siyosatchini sud binosi tashqarisida kutib turgan ko‘p sonli jurnalistlar qarshisiga chiqib, uni bu yerda kutmaslik kerakligi, Royzman dastlab politsiya bo‘linmasiga olib borilishini aytdi.
Keyinroq Royzman sud zalidan chiqdi. OAVda uning suratlari e’lon qilindi. Rossiyalik tahlilchilar nega OMON uyidan olib chiqib ketgan Royzman qamoqqa olinmagani borasida fikrlarini bildirishmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi