20:34 / 06.09.2022
1 607

NYT surishtiruvi: Rossiya Shimoliy Koreyadan millionlab snaryad va raketa sotib olmoqda

NYT surishtiruvi: Rossiya Shimoliy Koreyadan millionlab snaryad va raketa sotib olmoqda
Foto: Shutterstock
Rossiya urush boshlanganidan buyon o‘zining kam sonli ittifoqchilaridan biri bo‘lib qolayotgan Shimoliy Koreyadan millionlab artilleriya snaryadlari, yaqin va olis masofalarga otishga mo‘ljallangan raketalar sotib olmoqda. Bu haqda The New York Times AQSH razvedkasi ma’lumotlariga tayanib xabar bergan. Bu borada CNN'da ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

CNN bilan suhbatda ismini oshkor qilishni istamagan amerikalik amaldor Pxenyan Rossiyaga o‘q-dorilarni qanday yetkazib berishiga aniqlik kiritmagan, ammo kelajakda Rossiya KXDRdan harbiy texnika sotib olishi mumkinligini ham istisno qilmagan.

The New York Times hozircha bu ma’lumotlarni mustaqil manbalardan tekshirish imkonsiz ekanini ma’lum qilgan.

Rossiya Shimoliy Koreyadan qurol sotib olishi haqidagi ma’lumotlar ruslar Erondan harbiy dron sotib olishi to‘g‘risidagi xabardan bir hafta o‘tib tarqaldi. Bu borada surishtiruv o‘tkazgan The Washington Post nashri Eron harbiy dronlarining Rossiyadagi ilk sinov parvozlari muvaffaqiyatsiz chiqqani, ruslar bundan norozi bo‘lgani haqida yozgandi.

The New York Times bilan suhbatda bo‘lgan amerikalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyadan snaryad va raketa sotib olishi Rossiyada armiyani kerakli o‘q-dori bilan ta’minlash bo‘yicha muammo kuzatilayotganini ko‘rsatadi va bu G‘arb sanksiyalari oqibatidir.

Gazetaning yozishicha, Moskva Pekin ham sanksiya cheklovlarini buzib, o‘ziga qurol sotishiga umid qilgan, ammo Xitoy hozircha Ukrainada urushayotgan Rossiyaga qurol yoki ularni ishlab chiqarish uchun komponentlar sotish haqida o‘ylamayapti. Oldinroq AQSH Xitoyni Rossiyaga qurol sotishning oqibatlaridan ogohlantirgandi.

Amerikalik harbiy ekspert Fredrik Kaganning fikricha, Shimoliy Koreyadan snaryad sotib olishi Rossiya o‘zi uchun kerakli bo‘lgan o‘q-dorilarni mustaqil ishlab chiqara olmayotganidan nishona.

«Kreml Shimoliy Koreya yoki boshqa davlatdan qurol sotib olayotgani Putin mamlakat iqtisodiyotini eng yomon holatda ham urushga safarbar qilishni istamayotganini ifodalaydi», deydi ekspert.

Urushni o‘rganish xalqaro institutining Rossiya bo‘yicha ekspertlar guruhi rahbari Meyson Klarkning aytishicha, Kreml Shimoliy Koreyadan nimadir sotib oladigan darajaga kelib qolganidan xavotirga tushishi kerak.

The New York Times e’lon qilgan surishtiruvda yozilishicha, ruslar Shimoliy Koreyadan qurol sotib olishga majbur bo‘layotgani Rossiyaning o‘zida zaxiralar tugab borayotganidan dalolat.

Oxirgi vaqtlarda Shimoliy Koreya Rossiya bilan munosabatlarni yanada yaqinlashtirishga urinayotgani ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda ham sezilmoqda. Xususan, Shimoliy Koreya o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan va hozirda Rossiya nazoratida bo‘lgan «DXR» hamda «LXR»ni Rossiya va Suriyadan keyin tan olgan uchinchi davlat hisoblanadi.

Avvalroq Shimoliy Koreya Rossiya urush vaqtida egallab olgan va vayronaga aylangan Luhansk hamda Donetsk viloyatlarini tiklashda o‘z ishchilari ishtirokini taklif qilgani haqida xabarlar chiqqandi. Buning isboti o‘laroq Shimoliy Koreyaning Moskvadagi elchisi ikki tan olinmagan respublika vakillari bilan mehnat migratsiyasi masalasida uchrashuv o‘tkazgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo