15:14 / 14.09.2022
1 073

Ukraina Bosh prokuraturasi Rossiyadan kelgan o‘qituvchilar qo‘lga olinayotganini rad etdi

Ukraina Bosh prokuraturasi Rossiyadan kelgan o‘qituvchilar qo‘lga olinayotganini rad etdi
Ukraina Bosh prokuraturasi Xarkiv oblastining Rossiya okkupatsiyasidan ozod qilingan hududlarida rossiyalik o‘qituvchilar qo‘lga olingani haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina huquq-tartibot idoralari xodimlari Xarkiv oblastining bosib olingan hududlarida rossiyalik o‘qituvchilarni ushlamagan», — dedi qurolli to‘qnashuv sharoitida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Igor Belousov «Nastoyasheye vremya» nashriga bergan intervyusida.

Xarkiv, Donetsk va Lugansk oblastlari prokuraturasidagi «Nastoyasheye vremya» manbalari ham rus o‘qituvchilarini qo‘lga olmaganini da’vo qilmoqda.

Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan Xarkiv oblasti hududlaridagi Ukraina maktablariga rus dasturi bo‘yicha dars berish uchun kelgan rossiyalik o‘qituvchilarning qo‘lga olingani haqidagi xabar 12 sentabr kuni «Strana.ua» tomonidan tarqatildi. Unda Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchukning hibsga olingani aytilayotgan o‘qituvchilar haqidagi izohi chop etilgan.

Vereshchukning so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar Ukrainaga qarshi jinoyat sodir etgan, buning uchun ular Jinoyat kodeksining 438-moddasi – «urush qonunlari va odatlarini buzish» bo‘yicha sud qilinadi. Ushbu moddada ko‘rsatilgan qilmishni sodir etganlik 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shundan so‘ng Rossiya Ta’lim vazirligi Xarkiv oblastida rossiyalik o‘qituvchilar ishlamaganini va «1 sentabrdan buyon u yerda mahalliy o‘qituvchilar ishlab kelayotganini» ma’lum qildi. Xarkiv oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan okkupatsion ma’muriyati ham mintaqada rus o‘qituvchilari yo‘qligini ta’kidladi. Uning vakillari bu ikki fuqarolikka ega yoki «DXR» va «LXR» pasportlari egalari bo‘lgan odamlar bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi.

Keyinchalik, Rossiya Ta’lim vazirligi Ukrainadagi rus o‘qituvchilari Rossiya harbiylari hamda «LXR» va «DXR» harbiylari tomonidan nazorat qilinadigan hududlarda «himoya ostida» ekanligini tasdiqladi. Shu bilan birga, Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin 13 sentabr kuni ertalab o‘qituvchilarning qo‘lga olinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni topshirdi. Tergov qo‘mitasining Telegram-kanalida bu o‘qituvchilar «Rossiya dasturlari bo‘yicha o‘qitgan» deyilgan.

10 sentabr kuni «24 kanal» o‘qituvchilarning qo‘lga olingani haqida manbalarga tayangan holda xabar berdi. Ta’kidlanishicha, rus harbiylari «bir kun avval Rossiyadan olib kelingan o‘qituvchilarni shunchaki tashlab ketishgan». Oliy rada deputati Oleksiy Goncharenkoning yozishicha, Kupyanskda rus o‘qituvchilari ushlangan. Avvalroq Rossiya forumlarida rossiyalik o‘qituvchilarni Mariupol va Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Ukrainaning boshqa shaharlarida ishlashga taklif qiluvchi e’lonlar bir necha bor joylashtirilgan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo