
14 sentabr kuni Rossiya harbiylari Ukrainaning Krivoy Rog shahriga raketa bilan zarba berdi, deb yozadi Meduza shahar harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Vilkulga tayanib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari «shahar gidrotexnik infratuzilmasi ob’ektlaridan biri»ga zarba bergan. U gap aynan qayer haqida borayotganiga aniqlik kiritmagan. Rossiya OAVlari yozishicha, Karachunov suv ombori dambasiga raketa otilgan. U yerda soniyasiga 100 kubometr suv sizib chiqishi kuzatilmoqda, deya ma’lum qildi Ukraina prezidenti ofisi boshlig‘i o‘rinbosari Kirill Timoshenko.
Hodisa tufayli, Ingules daryosida suv sathi ikki-uch metrga ko‘tarilgan. Shaharda suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan, mahalliy aholi do‘konlardan hamma suvlarni sotib olib ketishni boshlagan. Ingules va Markaziy Gorod tumanlarida turar joylar suv ostida qolishi xavfi bor. Ushbu tumanlarda bir qancha ko‘chalarda yashovchilar evakuatsiya qilishga chaqirildi.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) September 15, 2022
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy Telegram-kanalida Krivoy Rogdagi Karachunov suv omborining vayron bo‘lgan dambasi fotosuratlarini e’lon qildi. «Terrorchi mamlakat tinch aholiga qarshi jang olib borishda davom etmoqda. Bu safar — gidrotexnika inshootlariga raketa zarbalari va Krivoy Rogni suv ostida qoldirishga urinish», — dedi Zelenskiy.

Rossiya harbiylari Krivoy Rogga qarata sakkizta qanotli raketa uchirdi, dedi Kirill Timoshenko. «Bugun rus qo‘shinlari o‘z qurol-yarog‘larining maksimal darajadagi qismini gidrotexnik inshootlarga yo‘naltirdi. Ularning maqsadi aniq — favqulodda vaziyatni yuzaga keltirish. Odamlar suvsiz qolishi yoki shahar suv ostiga g‘arq bo‘lishi bilan ularning ishi yo‘q», — dedi u.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) September 15, 2022
Kirill Timoshenko qo‘shimcha qilishicha, tinch aholi orasida jabrlanganlar yo‘q. Krivoy Rog meri, o‘z navbatida, shaharda suv ta’minoti tiklana boshlaganini ma’lum qildi.
Rossiya va Ukrainadagi manbalar taxmin qilishicha, dambaga zarba berish orqali, Rossiya qo‘shinlari Ukraina Qurolli kuchlarining Xersonga qarab kechib o‘tishini sekinlashtirishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar